Fizika va astronomiya kafedrasi

Kafedra haqida

Fizika va astronomiya kafedrasi kafedrasi Qo‘qon davlat universitetining yetakchi kafedralaridan biri hisoblanadi.

Fizika va astronomiya kafedrasi missiyasi

Zamonaviy ilm-fan va innovatsion texnologiyalar asosida raqobatbardosh, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, talabalarda ilmiy tafakkur, tadqiqotchilik ko‘nikmalari hamda koinot va tabiat hodisalariga ilmiy yondashuvni shakllantirishdan iborat.

Fakultet

Tabiiy fanlar va iqtisodiyot fakulteti

Kafedra mudiri

Qo‘chqorov Mavzurjon Xursanboyevich

Kafedra tarixi

“Fizika” kafedrasi dastlab Matematika fakulteti tarkibidagi “Matematika o‘qitish metodikasi va fizika” kafedrasi negizida professor M. Madaliyev rahbarligida faoliyat boshlagan. 1990-yilda esa mustaqil “Fizika” kafedrasi sifatida tashkil etilgan. Turli yillarda kafedraga professor M. Madaliyev (1990-yilgacha hamda 1993–1994-yillarda), fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent I. M. Qo‘qonboyev (1990–1992 va 2005–2011-yillarda), katta o‘qituvchi G‘. Tojiboyev (1995–2005-yillarda), Mamadaliyev Begjon Alijonovich (2012–2016-yillarda), fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent I. M. Maxmudov (2016-yil mart–sentyabr oylarida), fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent Botirjon Mamadaliyev (2016–2018-yillarda), fizika-matematika fanlari nomzodi, professor N. S. Bozorov (2018–2023-yillarda) rahbarlik qilgan. 2023-yil dekabr oyidan boshlab esa fizika-matematika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Mavzurjon Qo‘chqorov kafedra mudiri sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.


Kafedra 2012-yildan “Fizika va astronomiya o‘qitish metodikasi”, 2021-yildan esa “Fizika va astronomiya” nomi bilan faoliyat olib bormoqda. Hozirgi kunda kafedrada professorlar I. M. Qo‘qonboyev, I. M. Eshboltayev, N. S. Bozorov, N. Z. Mamadaliyeva, dotsentlar M. Meliboyev, F. O. Dadaboyeva, R. R. Sultonov, A. M. Madaliyev, Sh. Qo‘qonboyeva, D. Yu. Sattorova, I. Mirsultonov, Q. Q. Qurbonaliyev, katta o‘qituvchilar R. H. Ibragimova, R. V. Qosimjonov, U. M. Isomaddinova, M. O. Toxirova, o‘qituvchilar K. K. O‘rinova, Q. P. Umurqulov, D. R. Masodiqova hamda texnik xodimlar O. A. Alisherov, M. M. Qo‘chqorova va I. Y. Muhammadaliyevalar faoliyat yuritib, bakalavr va magistrlarga ta’lim-tarbiya bermoqdalar.


Kafedraning 34 yillik faoliyati davomida T. Maxmudov, A. Qodirov, M. Alijonov, G‘. Tojiboyev va M. Azimov kabi tajribali olim va pedagoglar samarali faoliyat yuritib, soha rivojiga munosib hissa qo‘shdilar. Bugungi kunda kafedrada 13 nafar fan nomzodi va dotsent faoliyat olib borayotgan bo‘lib, ilmiy salohiyat 50 foizni tashkil etadi.


Kafedrada 60110700 — “Fizika va astronomiya” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha talabalar tayyorlanadi. Shuningdek, 2003–2004-o‘quv yilidan boshlab “Fizika” mutaxassisligi bo‘yicha magistratura faoliyat yuritmoqda. 2015–2016-o‘quv yilidan “Fizika va astronomiya o‘qitish metodikasi”, 2016–2017-o‘quv yilidan “Aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish metodikasi (Fizika va astronomiya)” hamda 2025–2026-o‘quv yilidan “Yarimo‘tkazgichlar fizikasi” mutaxassisliklari bo‘yicha magistrlar tayyorlanmoqda.

Kafedra missiyasi

Fizika va astronomiya kafedrasi missiyasi

Zamonaviy ilm-fan va innovatsion texnologiyalar asosida raqobatbardosh, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, talabalarda ilmiy tafakkur, tadqiqotchilik ko‘nikmalari hamda koinot va tabiat hodisalariga ilmiy yondashuvni shakllantirishdan iborat.

Kafedra o'qituvchilari

Kafedra yutuqlari

ILMIY VA O‘QUV-USLUBIY ISHLAR

Kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan 1988–2026-yillar davomida salmoqli ilmiy va o‘quv-uslubiy ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 11 ta nomzodlik dissertatsiyasi, 1 ta doktorlik dissertatsiyasi himoya qilindi. Shuningdek, 42 ta darslik, 64 ta o‘quv qo‘llanma, 56 ta uslubiy qo‘llanma hamda 150 ta uslubiy ko‘rsatma nashr etildi.

Bundan tashqari, 542 ta ilmiy maqola (shundan 107 tasi xorijiy nashrlarda), 586 ta uslubiy maqola (shundan 203 tasi xorijiy nashrlarda) va 622 ta tezis (shundan 155 tasi xorijiy nashrlarda) chop etildi.


ILMIY VA USLUBIY HAMKORLIKLAR

Kafedra professor-o‘qituvchilari ilmiy-tadqiqot hamda uslubiy faoliyatlarini Rossiya Fanlar akademiyasi qoshidagi akademik A.F. Ioffe nomidagi Fizika-texnika instituti, Qozon federal universiteti, Al-Farobiy nomidagi Qozoq milliy universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fizika-texnika instituti, Polimerlar fizikasi va kimyosi instituti hamda respublikamizdagi bir qator oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda olib bormoqda.


ILMIY-TADQIQOT FAOLIYATINING USTUVOR YO‘NALISHLARI

  1. Kompozit materiallar buzilishining mikromexanikasini o‘rganish
  2. Kondensatsiyalangan holatlar fizikasi
  3. Yarimo‘tkazgichlar fizikasi
  4. Fizika va astronomiya fanlarini o‘qitishda gumanitarlashtirish masalalari


ILMIY-TADQIQOT ISHLARIDAGI YUTUQLAR

Kafedra tashkil etilgan davrdan buyon bir qator muhim ilmiy yutuqlarga erishildi. Jumladan, I.M. Kokanbayev 1988-yilda Moldovaning Kishinyov shahrida “n-PbTe plyonkalarida termik va radiatsion degradatsiyalanish mexanizmlari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.

I.M. Kokanbayev ilmiy rahbarligida katta o‘qituvchi B.A. Mamadaliyev 2006-yil oktabr oyida “Kogerent to‘yinish samarasining p-Ge, n-GaP, p-GaAs va p-GaAs–AlGaAs nanotuzilmalarining foton kinetik xususiyatlariga ta’siri” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.

Shuningdek, I.M. Eshboltayev, N.Z. Mamadaliyeva, R.R. Sultonov, M.X. Qo‘chqorov va U. Isomaddinovalar yarimo‘tkazgichlar fizikasi yo‘nalishida, F.O. Dadaboyeva, Sh.Q. Qo‘qonboyeva va A.M. Madaliyev pedagogika yo‘nalishida, I.M. Mirsultonov esa texnika yo‘nalishida PhD ilmiy darajasini muvaffaqiyatli himoya qildilar.

Kafedra olimlari Buyuk Britaniya, AQSH, Germaniya, Gollandiya, Rossiya, Belarus, Qirg‘iziston va Ukraina kabi davlatlarning nufuzli ilmiy jurnallarida, shuningdek, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining ilmiy nashrlarida maqolalar chop etdilar.

Professor-o‘qituvchilar tomonidan 482 dan ortiq ilmiy-uslubiy ishlar respublika va xorijiy ilmiy jurnallarda e’lon qilindi. Turli darajadagi ilmiy anjumanlarda 410 dan ortiq ilmiy va uslubiy ma’ruzalar taqdim etildi.

Hozirgi kunda kafedraning 4 nafar professor-o‘qituvchisi universitet ilmiy kengashi tomonidan tasdiqlangan mavzular asosida dissertatsiya ishlari ustida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.


IQTIDORLI TALABALAR HAQIDA

Kafedrada iqtidorli talabalar bilan ishlash tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgan. 2000–2017-yillar davomida M. Yuldasheva, D. Sharofxonova, F. Dadaboyeva, I. Eshboltayev, Sh. Xidirova, Q. Qurbonaliyev, A. Abduholiqov va F. Kamoliddinov kabi talabalar fizika fanidan Respublika oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘tkazilgan fan olimpiadalarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, yuqori natijalarga erishdilar.

Kafedra bitiruvchilaridan 16 nafari ayni paytda “Aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish metodikasi (Fizika va astronomiya)” magistratura mutaxassisligida tahsil olmoqda.

Dotsent I.M. Kokanbayev yosh o‘qituvchilar va magistrantlarni ilmiy faoliyatga jalb etish borasida samarali ish olib bormoqda. Uning rahbarligida tahsil olgan bir qator talabalar davlat stipendiyalari sovrindori bo‘lishgan.


Bugungi kunga qadar kafedraning 9 nafar professor-o‘qituvchisi dotsent ilmiy unvoniga ega bo‘ldi. 2 nafar professor-o‘qituvchi Qozon federal universiteti hamda Muxtor Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston davlat universitetida 3 oylik stajirovkani muvaffaqiyatli tamomladi.

Shuningdek, 13 nafar professor-o‘qituvchi PhD dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Joriy o‘quv yilida kafedra tomonidan 6 ta darslik, 8 ta o‘quv qo‘llanma va 6 ta monografiya nashr etildi. Xalqaro miqyosda tan olingan Scopus va Web of Science bazalarida 14 ta ilmiy maqola chop etildi.