Geografiya va iqtisodiyot kafedrasi

Kafedra haqida

Geografiya va iqtisodiyot kafedrasi kafedrasi Qo‘qon davlat universitetining yetakchi kafedralaridan biri hisoblanadi.

Kafedraning asosiy missiyasi — geografiya va iqtisodiyot sohalarida zamonaviy bilimlarga ega, ilmiy-tadqiqot olib borishga qodir, innovatsion fikrlaydigan hamda kasbiy kompetensiyaga ega yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashdan iborat. Shuningdek, kafedra hududiy rivojlanish, barqaror iqtisodiy taraqqiyot va ekologik muvozanatni ta’minlashga xizmat qiluvchi ilmiy izlanishlarni amalga oshiradi.

Fakultet

Tabiiy fanlar va iqtisodiyot fakulteti

Kafedra mudiri

Tobirov Odiljon Qobiljon o‘g‘li

Kafedra tarixi

Geografiya va iqtisodiyot kafedrasining shakllanish tarixi universitetda geografiya ta’limi va ilmiy tadqiqotlarning rivojlanishi bilan chambarchas bog‘liq. Kafedra 1999–2000-o‘quv yilining mart oyida Biologiya kafedrasidan mustaqil kafedra sifatida ajralib chiqqan. Ushbu tashkiliy o‘zgarish geografiya fanining alohida ta’lim va ilmiy yo‘nalish sifatida rivojlanishiga keng imkoniyat yaratdi.


2000–2014-yillar davomida kafedra “Geografiya va iqtisodiy bilimlar asoslari” nomi bilan faoliyat yuritdi. Mazkur davrda geografiya va iqtisodiyot fanlarining uzviy bog‘liqligi asosida ta’lim jarayonini tashkil etish, o‘quv dasturlarini takomillashtirish hamda ushbu yo‘nalishda malakali pedagog kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi. Tabiiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni kompleks o‘rganish, geografik bilimlarni iqtisodiy tafakkur bilan uyg‘unlashtirish kafedra faoliyatining muhim ilmiy-pedagogik yo‘nalishlaridan biriga aylandi.


2014–2021-yillarda kafedra “Geografiya o‘qitish metodikasi” nomi ostida faoliyat yuritdi. Bu bosqichda geografiya fanini o‘qitishning zamonaviy metodik asoslarini ishlab chiqish, ta’lim jarayoniga innovatsion pedagogik texnologiyalarni joriy etish hamda amaliy mashg‘ulotlar samaradorligini oshirish ustuvor vazifalardan biri bo‘ldi.


2021–2024-yillarda kafedra yana “Geografiya va iqtisodiy bilimlar asoslari” nomi bilan faoliyatini davom ettirdi. Ushbu davrda geografik va iqtisodiy bilimlarni integratsiyalashgan holda o‘qitish, hududiy rivojlanish jarayonlarini tahlil qilish hamda ijtimoiy-iqtisodiy geografiya yo‘nalishidagi ilmiy izlanishlar kengaytirildi.


2024–2025-yillarda kafedra “Geografiya” nomi ostida faoliyat yuritdi. Bu bosqichda tabiiy, ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik geografiya yo‘nalishlarida ta’lim va tadqiqotlarni chuqurlashtirish asosiy vazifa sifatida belgilandi.


2025-yil avgust oyidan boshlab kafedra “Geografiya va iqtisodiyot” nomi bilan faoliyat yuritmoqda. Ushbu nom kafedra faoliyatining kengayganini hamda geografiya va iqtisodiyot fanlari o‘rtasidagi ilmiy-amaliy integratsiya yanada mustahkamlanganini ifodalaydi.


Kafedra missiyasi

Kafedraning asosiy missiyasi — geografiya va iqtisodiyot sohalarida zamonaviy bilimlarga ega, ilmiy-tadqiqot olib borishga qodir, innovatsion fikrlaydigan hamda kasbiy kompetensiyaga ega yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashdan iborat. Shuningdek, kafedra hududiy rivojlanish, barqaror iqtisodiy taraqqiyot va ekologik muvozanatni ta’minlashga xizmat qiluvchi ilmiy izlanishlarni amalga oshiradi.

Kafedra o'qituvchilari

Kafedra yutuqlari

Geografiya va iqtisodiyot kafedrasi ilmiy faoliyatida hududiy yondashuv, kompleks geografik tahlil, ekologik monitoring, ijtimoiy-iqtisodiy baholash hamda amaliy tavsiyalar ishlab chiqish muhim o‘rin tutadi. Kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan Farg‘ona vodiysi hududining tabiiy sharoiti, ijtimoiy-iqtisodiy holati hamda siyosiy-ekologik vaziyatini kompleks baholash va monitoring qilishga doir ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.


Mazkur tadqiqotlar natijasida hududning barqaror rivojlanishini ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik xavfsizlikni mustahkamlash hamda aholi turmush sifatini oshirishga qaratilgan ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqilmoqda.


Kafedrada zamonaviy geografik tadqiqot metodlari — statistik tahlil, kartografik yondashuv, masofadan zondlash, geografik axborot tizimlari (GIS), monitoring va kompleks baholash usullari keng qo‘llaniladi. Bu esa tabiiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni chuqur tahlil qilish imkonini beradi.


Ilmiy tadqiqotlar nafaqat nazariy, balki amaliy ahamiyatga ham ega bo‘lib, Farg‘ona vodiysi va unga tutash hududlarda ekologik barqarorlik, turizm, yer resurslaridan foydalanish, demografik jarayonlar va iqtisodiy rivojlanish masalalarini hal etishga xizmat qilmoqda.


Kafedra xalqaro ilmiy-ta’lim hamkorligini faol rivojlantirib kelmoqda. Jumladan, Qozog‘iston milliy pedagogika universiteti (Abay nomidagi), Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh davlat universiteti va O‘sh davlat pedagogika universiteti, Rossiya Federatsiyasining Kazan federal universiteti hamda Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Hamkorlik doirasida professor-o‘qituvchilarning malaka oshirishi, stajirovkalar, ilmiy tajriba almashish, qo‘shma loyihalar va akademik mobillik dasturlari amalga oshirilmoqda. Bu jarayon kafedraning xalqaro ilmiy maydondagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi.


Bugungi kunda kafedrada 30 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritadi. Ular orasida 4 nafar fan doktori, 12 nafar falsafa doktori (PhD), 3 nafar professor va 7 nafar dotsent mavjud. Kafedraning ilmiy salohiyati 53,3 foizni tashkil etadi.

Kafedra jamoasi zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida ta’lim jarayonini tashkil etish, talabalarning ilmiy izlanishlarga qiziqishini oshirish va kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratadi.