O‘zbekiston – Qirg‘iziston III Rektorlar forumi boʻlib oʻtdi
Qirg‘iziston Respublikasining Issiqko‘l viloyatida O‘zbekiston va Qirg‘iziston oliy ta’lim muassasalari rektorlarining III forumi muvaffaqiyatli bo‘lib o‘tdi. Nufuzli xalqaro muloqot maydonida ikki mamlakat oliy ta’lim tizimi rahbarlari, vazirlik va idoralar mas’ullari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari hamda akademik hamjamiyat vakillari ishtirok etdi.
Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Qirg‘iziston Respublikasi fan, oliy ta’lim va innovatsiyalar vaziri Gulzat Isamatova hamda Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi o‘rinbosari Ulan Mamatkanov so‘zga chiqib, ikki davlat o‘rtasidagi oliy ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikning bugungi holati, erishilgan natijalar hamda istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashdi.
Forum doirasida oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida akademik almashinuvni kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalarni amalga oshirish hamda xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur nufuzli xalqaro forumda Qo‘qon davlat universiteti prorektori Oybek Bozorov ham ishtirok etdi. Forum doirasida Qirg‘izistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari vakillari bilan samarali uchrashuvlar o‘tkazilib, universitetning xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, yangi memorandumlar imzolash hamda qo‘shma ta’lim va ilmiy loyihalarni amalga oshirish yuzasidan muloqotlar oʻtkazildi.