Qoʻqon davlat universiteti delegatsiyasining Hindistondagi Parul universitetiga tashrifi
Qoʻqon davlat universiteti delegatsiyasi Hindistonning Vadodara shahrida joylashgan Parul universitetida oʻtkazilayotgan International Staff Teaching and Training Week – 2026 xalqaro akademik dasturida ishtirok etmoqda. Mazkur dastur turli mamlakatlardan tashrif buyurgan professor-oʻqituvchilar oʻrtasida taʼlim, ilmiy tadqiqotlar va xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Tashrif doirasida delegatsiya aʼzolari universitetdagi taʼlim jarayoni, zamonaviy oʻquv laboratoriyalari, ilmiy markazlar hamda raqamli taʼlim infratuzilmasi bilan yaqindan tanishmoqda. Shuningdek, professor-oʻqituvchilar uchun tashkil etilgan malaka oshirish kurslari, seminarlar va mahorat darslarida faol ishtirok etib, ilgʻor tajribalarni oʻrganmoqda.
Dastur davomida xorijiy oliy taʼlim muassasalari vakillari bilan oʻzaro tajriba almashish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, akademik mobillikni kengaytirish, qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish hamda talaba va professor-oʻqituvchilar almashinuvini faollashtirish masalalari yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.
Mazkur tashrif Qoʻqon davlat universitetining xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, taʼlim sifatini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish hamda istiqbolda yangi qoʻshma taʼlim va ilmiy loyihalarni amalga oshirish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.