Texnikum bitiruvchilarining suhbat asosida qabul jarayoni o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-yanvardagi 17-son qarori bilan tasdiqlangan “Texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga suhbat asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq, 2025/2026-o‘quv yilida Qo‘qon davlat universitetida texnikum bitiruvchilarini suhbat asosida o‘qishga qabul qilish jarayoni tashkil etildi.
Jarayonda oliy ta’lim muassasasida o‘qishni davom ettirish istagini bildirgan jami 96 nafar talabgordan arizalar qabul qilindi.
Suhbat jarayonida talabgorlarning kasbiy bilimlari, tanlangan mutaxassislik bo‘yicha tayyorgarlik darajasi hamda umumiy dunyoqarashi baholandi. Natijalar shaffof va adolatli tarzda qayd etilishi uchun barcha zarur choralar koʻrildi.
Qabul jarayonining qonuniylik va xolislik tamoyillari asosida o‘tishini ta’minlash maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplaens nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi faol nazorat olib bordi. Ushbu nazorat jarayonlarga ishonchni yanada oshirdi.
Ta’kidlanganidek, texnikum bitiruvchilarini suhbat asosida oliy ta’limga qabul qilish tizimi yoshlarning uzluksiz ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytiradi hamda o‘z sohasida puxta mutaxassis bo‘lib yetishishiga sharoit yaratadi.