“Tadbirkor ayol va yoshlar”: talabalarni ilhomlantirgan uchrashuv
Qo‘qon davlat universiteti Pedagogika va psixologiya fakultetida “Yoshlar kuni” munosabati bilan “Tadbirkor ayol va yoshlar” mavzusida mazmunli va ochiq muloqotga boy uchrashuv tashkil etildi. Tadbir yoshlarni tadbirkorlikka yo‘naltirish, ularning tashabbuskorlik va ijodkorlik salohiyatini rivojlantirish, ayniqsa, talaba-qizlar o‘rtasida biznes va hunarmandchilikka qiziqishni kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyat kasb etdi.
Uchrashuvda taniqli tadbirkor hunarmand Ra’no Bo‘taboyeva mehmon sifatida ishtirok etib, o‘zining hayotiy tajribasi, mehnat yo‘li va muvaffaqiyat sari bosib o‘tgan yo‘llari haqida samimiy suhbat olib bordi. U o‘z faoliyati davomida duch kelgan qiyinchiliklar, ularni yengib o‘tish yo‘llari hamda bugungi kunda erishgan natijalari haqida batafsil to‘xtalib, yoshlar uchun muhim hayotiy saboqlar bilan o‘rtoqlashdi.
Tadbir davomida mehmon yoshlarni mustaqil fikrlash, o‘z ustida ishlash, zamonaviy kasb-hunarlarni egallash va o‘z imkoniyatlariga ishonishga chaqirdi. Ayniqsa, hunarmandchilikning bugungi kunda nafaqat milliy qadriyat sifatida, balki daromad manbai sifatida ham katta ahamiyat kasb etayotgani alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, uchrashuvda tadbirkorlikni boshlashning dastlabki bosqichlari, biznes-reja tuzish, bozorni o‘rganish, mijozlar bilan ishlash madaniyati va shaxsiy brend yaratish masalalari yuzasidan ham amaliy tavsiyalar berildi. Bu esa talaba-yoshlarning ushbu sohaga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi.
Uchrashuv ochiq muloqot tarzida o‘tib, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan faol ishtirok etdilar. Ra’no Bo‘taboyeva har bir savolga batafsil va samimiy javob berib, yoshlarni aniq maqsad sari intilish, mehnatdan cho‘chimay, qat’iyat bilan harakat qilishga undadi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar bunday uchrashuvlar yoshlar uchun katta motivatsiya manbai ekanini, ayniqsa, talaba-qizlarning tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishini oshirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladilar. Fakultet rahbariyati tomonidan esa bu kabi ma’naviy-ma’rifiy va amaliy uchrashuvlarni muntazam tashkil etish zarurligi qayd etildi.
Mazkur uchrashuv talaba-yoshlarning kelajak kasbini ongli tanlashiga, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishga hamda jamiyatda faol, tashabbuskor va mustaqil fikrlaydigan shaxs sifatida shakllanishiga xizmat qiladigan muhim tadbirlardan biri bo‘ldi.