“Oila — muqaddas dargoh”: Qo‘qon davlat universitetida ma’naviy-ma’rifiy davra suhbati o‘tkazildi
Qo‘qon davlat universiteti Tabiiy fanlar va iqtisodiyot fakultetida jamiyatning eng muhim bo‘g‘ini bo‘lgan oilaning o‘rni va ahamiyatini targ‘ib etishga bag‘ishlangan “Oila — muqaddas dargoh” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir yoshlar ongida sog‘lom oila tushunchasini shakllantirish, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash hamda oilaviy munosabatlarda ma’naviy muhitni mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Tadbirda Qo‘qon shahar hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nigoraxon Ergashova, Oila markazi rahbari va psixolog Shahlo Xudoyberdiyeva, fakultetning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari Akmal Alikulov, shuningdek, oila va xotin-qizlar faollari, kafedra professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlar faol ishtirok etdilar.
Davra suhbati davomida so‘zga chiqqanlar tomonidan bugungi kunda jamiyat taraqqiyotida oilaning o‘rni beqiyos ekani, sog‘lom va mustahkam oila — barkamol avlodni tarbiyalashning asosiy poydevori ekani alohida ta’kidlandi. Xususan, oila muhitida farzand tarbiyasi, ota-ona mas’uliyati, oilaviy qadriyatlarni asrash, yoshlarni turmushga tayyorlash, oiladagi o‘zaro hurmat va mehr-muhabbat kabi masalalar keng yoritildi.
Mutaxassislar tomonidan yoshlar o‘rtasida uchrab turayotgan ayrim ijtimoiy muammolar, xususan, erta nikoh, oilaviy nizolar, ajrimlarning oldini olish, shuningdek, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida atroflicha fikr yuritildi. Shu bilan birga, psixologik jihatdan sog‘lom oila muhitini yaratish, muammoli vaziyatlarni to‘g‘ri hal etish, muloqot madaniyatini rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Tadbir davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan faol ishtirok etib, mutaxassislardan zarur tavsiyalar oldilar. Ochiq muloqot tarzida o‘tgan davra suhbati yoshlarning oilaviy hayotga bo‘lgan qarashlarini yanada boyitish, ularni mas’uliyatli va ongli hayot yo‘liga yo‘naltirishga xizmat qildi.
Davra suhbati yakunida ishtirokchilar tomonidan bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni muntazam tashkil etish, yoshlar orasida oilaviy qadriyatlarni keng targ‘ib qilish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Mazkur tadbir talaba-yoshlar ongida oila muqaddasligi, uning jamiyat hayotidagi beqiyos o‘rni haqida chuqur tushuncha hosil qilish bilan birga, ularni mustahkam va baxtli oila qurishga undovchi muhim ma’rifiy uchrashuvlardan biri bo‘ldi.