Orqaga
Calendar icon

Xorijiy filologiya fakultetida uch avlod bir davrada jam bo‘ldi

Qo‘qon davlat universiteti Xorijiy filologiya fakultetida “Uch avlod” uchrashuvi ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.

Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir turli avlod vakillarini — ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan faxriy ustozlar, ilmiy salohiyati bilan ajralib turuvchi professor-o‘qituvchilar hamda izlanuvchan, iqtidorli talabalarni bir davrada jamladi. Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ustoz-shogird an’analarini yanada mustahkamlash, shuningdek, avlodlar o‘rtasidagi uzviylik va vorisiylikni ta’minlashdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqan faxriy ustozlar o‘zlarining boy hayotiy tajribalari, ilmiy izlanishlari va kasbiy faoliyatidagi muhim bosqichlar haqida samimiy fikr yuritib, yoshlarga hayotiy saboq bo‘ladigan qimmatli tavsiyalar berdilar. Ularning ibratli yo‘li, fidoyiligi va ilmga bo‘lgan sadoqati talabalarda katta taassurot qoldirdi.

Shu bilan birga, talabalar ham faol ishtirok etib, o‘z fikr-mulohazalari, tashabbuslari va kelajak rejalari bilan o‘rtoqlashdilar. Bu esa uchrashuvni yanada jonli, mazmunli va interaktiv ruhda o‘tishini ta’minladi.

Uchrashuv ochiq muloqot, samimiy suhbatlar va qizg‘in savol-javoblar asosida tashkil etilib, barcha ishtirokchilarda iliq taassurotlar qoldirdi. Bunday uchrashuvlar talabalarning ma’naviy-axloqiy dunyoqarashini boyitish, ularni barkamol va yetuk shaxs sifatida kamol toptirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan “Uch avlod” uchrashuvlarini muntazam ravishda tashkil etish, bu orqali tajriba almashish va yoshlar bilan ishlash samaradorligini yanada oshirish zarurligi alohida ta’kidlandi.