Orqaga
Calendar icon

Qo‘qon davlat universiteti talabalari faxrli natija ko‘rsatdi

“Yangi Oʻzbekiston” bog‘ida mamlakat oliy taʼlim muassasalari talabalari ishtirokida o‘tkazilgan «Talaba yugur» bahorgi yugurish marafonining respublika bosqichi yakunlandi. Tadbir yoshlarni jismoniy tarbiya va sogʻlom turmush tarziga ragʻbatlantirish, talabalar o‘rtasida doʻstona musobaqa va hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.

Marafonda respublikaning turli oliy taʼlim muassasalaridan kelgan ko‘plab talabalar qatnashdi. Marafon “Yangi Oʻzbekiston” bog‘ining markaziy yo‘laklari va maxsus belgilangan trassada o‘tkazilib, ishtirokchilarning nafaqat tezligi, balki mustahkam iroda va jismoniy tayyorgarligi ham sinovdan o‘tdi.

Qo‘qon davlat universiteti Sanʼat va sport fakulteti vakillari Jaxongir Akramov va Elyor Akromovlar musobaqada munosib ishtirok etib, umumiy yakunda faxrli ikkinchi o‘rinni egalladilar.

Taqdirlash marosimida marafon tashkilotchilari tomonidan g‘olib va sovrindorlarga esdalik sovg‘alari hamda rag‘batlantiruvchi mukofotlar topshirildi. 

Bu kabi musobaqalar talabalar o‘rtasida sportni ommalashtirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda muhim omil ekanini yana bir bor tasdiqladi.