Orqaga
Calendar icon

Dilnoza Xodjayeva: Sizlarning har bir fikr va tashabbusingiz biz uchun qimmatli

Qo‘qon davlat universitetida talabalarning fikr va tashabbuslarini tinglash, ularni qiziqtirgan masalalarga yechim topish maqsadida universitet rektori Dilnoza Xodjayeva ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv avvalida rektor mamlakatimiz Prezidenti bevosita rahbarligida oliy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, ularning ahamiyati hamda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritdi. Shu bilan birga, ta’lim tizimida olib borilayotgan yangilanishlar talabalarning bilim olishi, ilmiy faoliyati va mustaqil fikrlashini qo‘llab-quvvatlashga qaratilganini alohida ta’kidladi.

“Sizlarning har bir fikr va tashabbusingiz biz uchun qimmatli. Universitet jamoasining asosiy vazifasi esa sizning sifatli ta’lim olishingiz, ilm-fan, ijod va sportda o‘z salohiyatingizni to‘liq ro‘yobga chiqarishingiz uchun barcha sharoitlarni yaratib berishdan iboratdir,” — dedi rektor.

Mazkur muloqot davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi, shuningdek, turli tashabbus va g‘oyalari bilan o‘rtoqlashdilar. Rektor yoshlarning har bir taklifini diqqat bilan tinglab, ularning ta’lim, ijod, sport va bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etishga oid fikrlarini qo‘llab-quvvatladi.

Uchrashuvda talabalarga yaratilayotgan sharoitlar, ta’lim jarayonini yanada takomillashtirish borasidagi rejalar hamda istiqboldagi maqsadlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Yoshlarning kelajakka bo‘lgan ishonchi, bilimga chanqoqligi va yuksak intilishlari esa barchada iliq taassurot qoldirdi.

Muloqot jarayonida 12 nafar talaba oʻquv jarayoni va maʼnaviy-maʼrifiy sohalarga doir taklif va murojaatlarni ilgari surdi. Rektor va masʼullar har bir taklifni diqqat bilan eshitib, muhokama qildilar. Mazkur murojaatlar ichidan ikki taklif joyida — tezkor tashkilotchilik chorasi bilan hal etildi. Qolgan murojaatlar esa batafsil o‘rganish uchun qayd etildi. Ularning har biri bo‘yicha masʼul ijrochilar belgilab olindi va tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilishi topshirildi.

Bunday uchrashuvlar yoshlarning o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishi, ularning ovozi eshitilishi va orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.