Orqaga
Calendar icon

“Xon atlas” va “Hosil bayrami” tadbirlari talabalarni birlashtirdi

Bugun Qo‘qon davlat universiteti Tabiiy fanlar va iqtisodiyot fakulteti sahnasida bayramona kayfiyat hukm surdi. Talabalar tashabbusi va faol ishtiroki bilan “Xon Atlas – milliylik va zamonaviylik” hamda “Hosil bayrami” tadbirlari keng ko‘lamda o‘tkazildi.

Tadbir davomida qizlar uchun soch o‘rish san’ati, yigitlar uchun esa kuch va epchillikni talab qiladigan arqon tortish musobaqalari tashkil etildi. Har bir bellashuv talabalar mahoratini namoyish etibgina qolmay, tomoshabinlarda ham katta qiziqish uyg‘otdi. Hakamlar hay’ati esa barcha ishtirokchilarning chiqishlarini adolatli baholab bordi.

Bayramning eng qiziqarli lahzalaridan biri “Hosil bayrami” munosabati bilan bezatilgan dasturxonlar ko‘rik-tanlovi bo‘ldi. Talabalar o‘z ijodkorligi va milliy qadriyatlarga hurmatini namoyon etgan mazkur ko‘rikda eng yaxshilar e’tirof etildi.

Fakultetda o‘tkazilgan bu tadbirlar nafaqat talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etdi, balki ularning milliy qadriyatlarga bo‘lgan mehrini yanada mustahkamlab, sog‘lom raqobat va ijodkorlik muhitini kuchaytirdi.