Orqaga
Calendar icon

Qo‘qon davlat universiteti talabasi — O‘zbekiston kubogi g‘olibi

Farg‘ona shahridagi “Samo” sport majmuasida qilichbozlik bo‘yicha yoshlar o‘rtasida (U-23) O‘zbekiston kubogi musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Mazkur musobaqada mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan iqtidorli sportchilar rapira yo‘nalishida o‘zaro kuch sinashdi.

Bahslar yuqori saviyada, shiddatli va murosasiz tarzda o‘tdi. Ayniqsa, ayollar o‘rtasidagi yakkalik bellashuvlari tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Ushbu bahslarda Qo‘qon davlat universiteti San’at va sport fakulteti talabasi Maftuna Davronova o‘zining mahorati, chaqqonligi va irodasi bilan ajralib turdi. U raqiblarini ketma-ket mag‘lubiyatga uchratib, birinchi o‘rinni egalladi.

Shuningdek, Maftuna Davronova Farg‘ona viloyati terma jamoasi tarkibida ishtirok etib, jamoaviy yo‘nalishda ham g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Shu tariqa u nafaqat shaxsiy yutuqqa, balki jamoaviy muvaffaqiyatga ham o‘z hissasini qo‘shdi.

Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar tantanali tarzda taqdirlanib, diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.