Sport bellashuvlari do‘stlik va hamjihatlik muhitida davom etmoqda
1-oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Qo‘qon davlat universitetida professor-o‘qituvchilar va xodimlar o‘rtasida sovrinli sport musobaqalari o‘tkazilmoqda. An’anaga aylangan ushbu musobaqalar nafaqat jismoniy chiniqish, balki jamoaviy ruhni mustahkamlash va sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.
Musobaqalar dasturidan mini-futbol, voleybol, stol tennisi kabi sport turlari o‘rin olgan bo‘lib, ayni paytda mini-futbol bahslari qizg‘in pallaga kirib, jamoalar o‘rtasida murosasiz bellashuvlarga sabab bo‘lmoqda.
Bugun esa stol tennisi bo‘yicha qiziqarli bahslar tashkil etildi. Unda professor-o‘qituvchilar va ishchi-xodimlar faol ishtirok etib, o‘z mahoratlarini namoyish etdilar. Yakunda birinchi o‘rin Abduvohid To‘g‘onboyevga, ikkinchi o‘rin Ulug‘bek Mashrabjonovga, uchinchi o‘rin esa Maqsud Xalilovga nasib etdi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.