Qo‘qon DU professor-o‘qituvchilari ta’lim va ilm-fanga qo‘shgan hissasi uchun taqdirlandi
Qo‘qon davlat universitetida Kengashning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda prorektorlar, dekanlar, kafedra mudirlari, professor–o‘qituvchilar, kasaba uyushmasi vakillari hamda universitet xodimlari ishtirok etdilar.
Majlisni universitet rektori Dilnoza Xodjayeva ochib berdi. U o‘z nutqida universitetning so‘nggi ilmiy va pedagogik yutuqlari haqida to‘xtalib o‘tdi.
Yig‘ilish doirasida Oliy attestatsiya komissiyasi xulosasiga asosan ilmiy daraja va unvonlarga sazovor bo‘lgan, shuningdek, ta’lim hamda ilm-fan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh professor–o‘qituvchilar “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.
— “Bugun biz universitetimizning ilmiy salohiyati va pedagogik faoliyatini yuqori baholagan ustozlarimizni taqdirlamoqdamiz. Sizlarning fidoyiligingiz yoshlarga ilhom bag‘ishlaydi. Barchangizga yangi ijodiy va ilmiy marralarni zabt etishingizni tilayman”, — dedi rektor Dilnoza Xodjayeva.
Mazkur mukofotlar ustozlarning sohaga sadoqati, fidoyiligi hamda yuksak ilmiy va pedagogik faoliyatiga bildirilgan munosib e’tirof sifatida qayd etildi.