“Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining poydevori – ustoz va murabbiylar” shiori ostida tadbir oʻtkazildi
Qoʻqon davlat universiteti Xorijiy filologiya fakulteti talabalari ishtirokida “Turon” madaniyat uyida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining poydevori – ustoz va murabbiylar” shiori ostida tashkil etildi.
Tadbirni universitet yoshlar masalalari boʻyicha birinchi prorektori Ahmadjon Husanov ochib berdi. U oʻz nutqida ustoz va murabbiylarning taʼlim-tarbiya jarayonidagi oʻrni, yosh avlodning intellektual va maʼnaviy kamolotidagi o‘ziga xos hissasini alohida taʼkidladi.
Shuningdek, Qoʻqon davlat universiteti rektorining xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahatchisi Barnoxon Xasanova ham soʻzga chiqib, ustoz va murabbiylarni kasb bayrami bilan samimiy tabrikladi. U o‘z nutqida ta’lim tizimidagi xotin-qizlarning faoliyati, ustozlar fidoyiligi hamda yoshlar tarbiyasidagi mas’uliyat haqida iliq fikrlar bildirdi.
Tadbir davomida talabalar tomonidan kuy-qoʻshiqlar, sheʼriy chiqishlar, sahna koʻrinishlari va raqslar ijro etildi. Bu chiqishlar ustozlarga bo‘lgan hurmat va mehr-muhabbatni ifodalash barobarida, bayramona kayfiyat ulashdi.
Tadbir yakunida fakultet yoshlar bilan ishlash boʻyicha dekan oʻrinbosari Farrux Qushboyev barcha tashkilotchilar va ishtirokchilarga minnatdorlik bildirib, ustoz-shogird munosabatlarining mustahkamlanishi yoshlarning maʼnaviy barkamolligida muhim omil ekanini qayd etdi.
Mazkur tadbir ustozlarga ehtirom, milliy qadriyatlarga sadoqat va talabalarda maʼnaviy-maʼrifiy ongni yuksaltirishga xizmat qildi.