Orqaga
Calendar icon

Qoʻqon DU: Ta’lim fidoyilariga bag‘ishlangan bayramona tadbirlar o‘tkazildi

1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Qoʻqon davlat universitetining barcha fakultetlarida professor-oʻqituvchilar, murabbiylar hamda mehnat faxriylari ishtirokida bayram tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

Tantanali tadbirlarda universitet Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Ahmadjon Husanov soʻzga chiqib, aziz ustozlarni, ta’lim fidoyilarini kasb bayramlari bilan tabrikladi. O‘z nutqida u universitetda ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar va erishilayotgan yutuqlarda ustoz va o‘qituvchilarning beqiyos o‘rni, fidokorona mehnati borligini alohida ta’kidladi.

Bayram tadbirida ta’lim va tarbiya jarayonida samarali faoliyat olib borayotgan o‘qituvchilar, murabbiylar hamda faxriy ustozlarning katta guruhi esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Bu esa ularning yillar davomida qilgan fidokorona xizmatlariga bo‘lgan hurmat va ehtiromning yorqin ifodasi bo‘ldi.

Dastur davomida ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar, dilbar raqslar barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Bayramona shukuhga boy tadbir ishtirokchilarning qalbida unutilmas taassurotlar qoldirdi.