Orqaga
Calendar icon

Qoʻqon DU rektori Dilnoza Xodjayevaning bayram tabrigi

Qadrli ustoz va murabbiylar!


Sizlarni, taʼlim-tarbiya sohasida fidokorona xizmat qilayotgan barcha pedagoglarni 1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etib, eng ezgu tilaklarimni bildirish men uchun sharafdir.

Oʻqituvchi va murabbiylar — yosh avlod qalbiga ilm va tarbiya nurini olib kiruvchi, kelajak poydevorini mustahkamlaydigan eng olijanob kasb egalaridir. Sizlarning har biringizning fidoyiligi, tinimsiz mehnati yuksak ehtirom va chuqur minnatdorchilikka loyiqdir.

Bugun taʼlim tizimini rivojlantirish, maktab, bogʻcha va oliy taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagoglarning nufuzini oshirish, ularning mehnatini qadrlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib bormoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar taʼlim jarayonini yangicha mazmun bilan boyitib, oʻqituvchilar safini yanada mustahkamlamoqda.

Universitetimiz yoshlari ilm-fan, madaniyat, sport va boshqa sohalarda qoʻlga kiritayotgan yutuqlarining zamirida, avvalo, sizlarning mehnatingiz, mehringiz va gʻayratingiz mujassamdir.

Aziz ustozlar!

Bugungi kun taʼlimi oʻz ustida tinimsiz ishlaydigan, yangilikka intiladigan, izlanishni doimiy odatga aylantirgan oʻqituvchilarni talab etadi. Shuning uchun sizlarning bilimdonlik va fidoyiligingiz millat kelajagi uchun beqiyos ahamiyat kasb etadi.

Sizlarni yana bir bor bayram bilan samimiy tabriklab, faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, oilaviy baxt va sihat-salomatlik tilayman. Xonadonlaringiz fayzli, umrlaringiz barakali boʻlsin!

Bayramingiz muborak, aziz ustoz va murabbiylar!

Dilnoza Xodjayeva, Qoʻqon davlat universiteti rektori