Orqaga
Calendar icon

Dramatik finalda “QDU” va “Yaypan” penaltilargacha yetib bordi

Bugun Bag‘dod tumanida bo‘lib o‘tgan “Farg‘ona viloyat kubogi – 2025” final bahsida tomoshabinlar haqiqiy futbol bayramiga guvoh bo‘lishdi. Uchrashuvda FC “Yaypan” hamda “QDU” jamoasi o‘zaro kuch sinashdi.

O‘yin boshlanishi bilanoq jamoalar faol harakat qila boshladi. 13-daqiqada “Yaypan” hisobni ochdi — 1:0. Oradan ko‘p o‘tmay, 23-daqiqada ikkinchi gol ham ularning foydasiga yozildi — 2:0.

Shunga javoban “QDU” jamoasi 34-daqiqada penalti orqali hisobni qisqartirdi — 2:1. Birinchi bo‘lim aynan shu natija bilan yakunlandi.

Ikkinchi bo‘limda ham jangovar ruh susaymadi. 77-daqiqada “Yaypan” hisobni 3:1 ga yetkazdi. Ammo 79-daqiqada “QDU” jamoasi navbatdagi zarbasi bilan farqni yana qisqartirdi — 3:2.

O‘yinga 5 daqiqa qo‘shimcha vaqt qo‘shildi va so‘nggi daqiqalarda “QDU” g‘alaba uchun bor kuchini safarbar etib, 95-daqiqada hisobni 3:3 ga tenglashtirdi.

Hal qiluvchi g‘olib penaltilar seriyasida aniqlandi. Unda omad FC “Yaypan” jamoasiga kulib boqdi.

Yakuniy hisob: FC Yaypan 3(5) : (4)3 QDU

Shu tariqa, “Farg‘ona viloyat kubogi – 2025” ning g‘olibi — FC “Yaypan” jamoasi bo‘ldi.