Orqaga
Calendar icon

“Mas’uliyatli ota-onalik”: seminar-treninglar davom etmoqda

Bugungi kunda yoshlarning oilaviy hayotga, farzand tarbiyasiga va ijtimoiy mas’uliyatga ongli yondashuvi jamiyat taraqqiyotining muhim omillaridan biri sanaladi. Shu maqsadda Qo‘qon davlat universiteti Pedagogika va psixologiya fakultetida ham “Mas’uliyatli ota-onalik” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.

Tadbirda fakultet dekani Nigoraxon Erkaboyeva, Qo‘qon davlat universiteti xotin-qizlar maslahat kengashi raisi Barnoxon Xasanova, universitet psixologi Nargizaxon Xo‘janazarova, fakultet xotin-qizlar masalalari bo‘yicha dekan maslahatchisi Xurshidaxon Raximova, dekan o‘rinbosari Dilafruzxon Raxmatullayeva, tyutor ustozlar hamda talaba qizlar ishtirok etishdi.

Seminar-treningning asosiy maqsadi — yoshlarni kelgusida oila qurish, farzand tarbiyasi, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va mas’uliyat kabi qadriyatlarga ongli munosabatda bo‘lishga yo‘naltirishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida ishtirokchilar “mas’uliyatli ota-onalik” tushunchasining mohiyati, uning psixologik va ijtimoiy ahamiyati xususida fikr almashdilar. Guruhli mashg‘ulotlar, interfaol savol-javoblar hamda sahna ko‘rinishlari orqali talabalarning fikrlash, tahlil qilish va o‘z nuqtayi nazarini himoya qilish ko‘nikmalari mustahkamlandi.

Fakultet xotin-qizlar masalalari bo‘yicha dekan maslahatchisi Xurshidaxon Raximova o‘z chiqishida quyidagi fikrni bildirdi:

“Mas’uliyatli ota-onalik — bu faqat farzandni boqish emas, balki unga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, mehr, e’tibor va shaxsiy namuna orqali tarbiya berishdir. Har bir yosh bugundan o‘zida shu mas’uliyatni his etishni boshlashi zarur.”

Mazkur tadbir yoshlar orasida ijtimoiy mas’uliyatni oshirish, oila qadriyatlariga hurmat va kelajakdagi ota-onalik madaniyatini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.