Xalqaro qizlar kuni — e’tibor va e’tirof bayramiga aylandi
BMT Bosh Assambleyasining 2011-yil 19-dekabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, 11-oktabr — “Xalqaro qizlar kuni” deb e’lon qilingan. Ushbu sana har yili dunyo miqyosida qizlarning huquqlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy muammolariga e’tibor qaratish hamda teng imkoniyatlarni ta’minlash maqsadida keng nishonlanadi. Mazkur kun qizlarning majburiy nikohga jalb etilishi, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi imkoniyatlarini kengaytirish kabi dolzarb masalalarni yoritishga xizmat qiladi.
Shu munosabat bilan Qo‘qon davlat universiteti Xotin-qizlar maslahat kengashi tomonidan “Qizlar — millat tarbiyachisi” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirda Xorijiy tillar hamda San’at va sport fakulteti talabalari o‘z chiqishlari bilan ishtirok etishdi.
Tadbir davomida qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning jamiyatdagi o‘rni va ahamiyatini yorituvchi sahna ko‘rinishlari, badiiy chiqishlar va taqdimotlar namoyish etildi. Yakunda ijtimoiy faol talaba qizlar faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Mazkur tadbir qizlarga ilhom, g‘urur va ishonch bag‘ishlab, ularning hayotda faol, ma’naviy yetuk va intiluvchan bo‘lishlariga turtki bo‘ldi.