Orqaga
Calendar icon

Ilmiy-amaliy anjumanda oila va ta’lim birligi e’tirof etildi

Qo‘qon davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti hamda “Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnali hamkorligida “Farzand tarbiyasida ota-onalar roli: zamonaviy pedagogik va psixologik yondashuvlar” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda farzand tarbiyasi jarayonida ota-onalar, pedagoglar va psixologlarning o‘zaro hamkorligini kuchaytirish, oilaviy muhitning bola rivojlanishiga ta’siri hamda ilg‘or pedagogik va psixologik yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Anjumanning ochilish qismida Qo‘qon davlat universiteti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ahmadjon Husanov so‘zga chiqib, yosh avlod tarbiyasida oila, ta’lim muassasasi va jamiyat o‘rtasidagi uzviy aloqaning ahamiyatini ta’kidladi.

Shuningdek, pedagogika fanlari doktori, professor Nigora Erkaboyeva farzand tarbiyasining nazariy asoslari, oilaviy qadriyatlarning saqlanishi va zamonaviy yondashuvlarning uyg‘unlashuvi haqida ilmiy ma’ruza bilan ishtirok etdi.

Yalpi yig‘ilishda Toshkent amaliy fanlar universiteti professori Barno Sattarova, O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti professori Nargiza Djamilova, Qo‘qon davlat universiteti dotsenti Nurxon Sultonova, Osiyo texnologiyalar universiteti vakillari Eldor Raxmatov va Baxtiyor Jovliyev, 354-sonli Maktabgacha ta’lim tashkiloti direktor o‘rinbosari Nafisa Bazarova hamda yosh tadqiqotchi Durdona Abdushukurova o‘z ilmiy ma’ruzalari bilan qatnashdilar.

Ma’ruzalar davomida oilada sog‘lom muhit yaratish, bola tafakkurini rivojlantirish, psixologik tahlil metodlarini takomillashtirish va axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish bo‘yicha muhim tavsiyalar ilgari surildi.

Anjumanga taqdim etilgan maqolalar Index Copernicus (Polsha), Zenodo, Open Aire (Yevropa) va Cyberleninka (Rossiya) xalqaro ilmiy bazalarida joylashtirilishi rejalashtirilgan. Har bir maqola Google Scholar tizimida indekslanib, ularga DOI raqami biriktiriladi. Ishtirokchilarga esa elektron sertifikat, maqolaning PDF varianti va indekslanganlik haqida ma’lumotnoma topshirildi.

Mazkur ilmiy-amaliy anjuman respublikamizda ta’lim va tarbiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning ilmiy asosini mustahkamlash, oila institutini rivojlantirish va ota-onalarning pedagogik madaniyatini oshirish yo‘lida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.