Xorijiy filologiya fakultetida til bayrami keng nishonlandi
Xorijiy filologiya fakultetida 21-oktyabr — O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatga ega adabiy-badiiy kecha o‘tkazildi. Tadbirning asosiy maqsadi yoshlar qalbida ona tiliga mehr va hurmat tuyg‘usini yanada mustahkamlash, o‘zbek tili va adabiyotining bebaho boyliklarini keng targ‘ib etishdan iborat bo‘ldi.
Kecha davomida talabalar tilimiz go‘zalligi, so‘z qudrati va milliy o‘zligimiz ifodasini tarannum etuvchi she’rlar, sahna ko‘rinishlari va musiqiy chiqishlar bilan ishtirok etdilar. Shuningdek, taniqli adiblar hayoti va ijodi, o‘zbek tilining tarixiy rivojlanish bosqichlari haqida ma’lumotlar ham taqdim etildi.
Tadbirda fakultet professor-o‘qituvchilari ham so‘zga chiqib, ona tilining jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, yosh avlodni vatanparvarlik va milliy g‘urur ruhida tarbiyalashdagi ahamiyatini ta’kidladilar.
Bayramona ruhda o‘tgan kecha ona tilimizning ulug‘ligini his etish, uni asrab-avaylash va yanada boyitishga undovchi, yoshlarning ijodiy salohiyatini namoyon etgan unutilmas madaniy tadbirlardan biri bo‘ldi.