Akademik Rahima Aminovaning 100 yilligiga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkazildi
Bugun — Qo‘qon shahridagi Buyuk allomalar muzeyida akademik Rahima Aminovaning 100-yilligiga bag‘ishlab, “O‘zbekiston tarixining dolzarb masalalari: agrar siyosat, gender, madaniyat” mavzusidagi yirik ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyaning ochilish marosimida Qo‘qon shahar hokimi Marufjon Usmonov hamda Qo‘qon davlat universiteti birinchi prorektori Ahmajon Husanov so‘zga chiqib, akademik Rahima Aminovaning tarix fani taraqqiyoti, ilmiy maktabining shakllanishi va yosh tadqiqotchilar kamolotiga qo‘shgan bebaho hissasini alohida e’tirof etdilar.
Anjumanda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi olimlari, mahalliy va xorijiy universitetlar professor-o‘qituvchilari, nufuzli tadqiqotchilar ma’ruzalari bilan ishtirok etib, agrar siyosat, gender masalalari va madaniy taraqqiyotning dolzarb jihatlari ilmiy muhokama qilindi. Shuningdek, Rahima Aminovaning hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlangan hujjatli film namoyish etilib, ulug‘ allomaning ilmiy izlanishlari bugungi kun uchun ham muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.