“Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida ijodkorlar bilan uchrashuv
Bugun, 24-noyabr kuni “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida yurtimizning taniqli ijodkorlari — shoira, jurnalist, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, “Doʻstlik” ordeni sohibasi, filologiya fanlari nomzodi, professor Zulfiya Moʻminova hamda shoira, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Oygul Ubaydulla qizi Qo‘qon davlat universitetida mehmon bo‘ldi.
Mehmonlarni universitet birinchi prorektori Ahmadjon Husanov boshchiligidagi bir guruh ijodkor talabalar samimiy kutib oldi. Uchrashuv davomida loyihaning bugungi kundagi dolzarbligi, adabiyot va badiiy ijodning ahamiyati, yoshlar hayotida kitobxonlikning tutgan o‘rni xususida fikr yuritildi. Talabalarda mutolaa madaniyatini shakllantirish, ularning ilmga bo‘lgan qiziqishini oshirish borasidagi tashabbuslar muhokama qilindi.
Shundan so‘ng ustoz ijodkorlar tomonidan universitet hududida manzarali daraxtlar ekildi. Ushbu ekotadbir nafaqat ekologik, balki ramziy ma’noga ham ega bo‘lib, ma’rifat va ezgulikning davomiyligini ifodaladi.
Loyiha doirasidagi navbatdagi ma’rifiy uchrashuv Qo‘qon shahar 25-son maktabida tashkil etildi. Tadbirda Zulfiya Mo‘minova va Oygul Ubaydulla qizi o‘quvchilar bilan suhbatlashib, ularning ma’naviy kamoloti, intellektual salohiyati va mustaqil fikrlashini shakllantirishda kitob va ilmning o‘rni haqida o‘z fikrlarini bildirdilar.
Uchrashuv mobaynida o‘quvchilar ijodkorlarga o‘z savollarini yo‘lladilar, ijodiy ishlari bilan tanishtirdilar. Shuningdek, sahna ko‘rinishlarini ijro etib, o‘z iste’dodlarini namoyish etdilar. Tadbir iliq, samimiy va mazmunli ruhda davom etdi.