Orqaga
Calendar icon

Bahor nafasi: Pedagogika va psixologiya fakultetida nafosat bayrami


Pedagogika va psixologiya fakulteti jamoasi 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kunini o‘zgacha shukuh bilan qarshi oldilar.

Bahorning ilk kunlari yurtimizga nafaqat uyg‘onish faslini, balki qalblarga iliqlik ulashuvchi nafosat bayramini ham olib keladi. Shu munosabat bilan Qo‘qon davlat universiteti Pedagogika va psixologiya fakultetida o‘tkazilgan "Ayol muqaddas" nomli ma’naviy-ma’rifiy va badiiy kecha unutilmas lahzalarga boy bo‘ldi.

Tadbirni kirish so‘zi bilan ochib bergan universitet rahbariyati yig‘ilganlarni ayyom bilan qutlar ekan, ayol zotining jamiyatimizdagi o‘rni, yosh avlod tarbiyasidagi beqiyos hissasi haqida to‘xtalib o‘tdilar. Ayniqsa, bugungi kunda ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan olima ayollar va ilm yo‘lida qadam tashlayotgan talaba-qizlarning yutuqlari alohida e’tirof etildi.

Badiiy kecha davomida talabalar tomonidan tayyorlangan chiqishlar yig‘ilganlarga chinakam bayram kayfiyatini ulashdi. Talabalar ijrosidagi onani, ayolni tarannum etuvchi she’rlar qalb tubiga yetib bordi. Kuy-qo‘shiqlar esa tadbirga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Fakultetning iqtidorli yoshlari tomonidan ijro etilgan sahnalashtirilgan chiqishlarda o‘zbek ayolining sabr-toqati, latofati va muqaddas siymosi mahorat bilan aks ettirildi.

Tadbir yakunida o‘quv ishlari va jamoat hayotida faollik ko‘rsatayotgan bir guruh professor-oʻqituvchilari va talaba-qizlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Ushbu kecha talaba-yoshlar qalbida onaga ehtirom, ayolga hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.