Orqaga
Calendar icon

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi yetakchi olimlari universitetda

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Umumiy va noorganik kimyo instituti yetakchi olimlari ishtirokida universitetda ilmiy seminar tashkil etildi. Unda universitetning Magistratura bo‘limi, Kimyo va ekologiya kafedrasi hamda Aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish metodikasi (kimyo) va boshqa turdosh mutaxassisliklar magistrantlari faol ishtirok etishdi. Tadbirning asosiy maqsadi yosh tadqiqotchilarni zamonaviy ilmiy izlanishlar bilan tanishtirish va ularning amaliy hamda nazariy bilimlarini kengaytirishdan iborat bo‘ldi.

Seminar davomida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi olimlari – kimyo fanlari doktori, professor Aziza Abdukamalova, texnika fanlari doktori, professor Dilnozaxon Jumayeva va kimyo fanlari doktori, professor Oksana Muratbayeva – Fanlar akademiyasining faoliyati va instituti tarkibida amalga oshirilayotgan zamonaviy ilmiy tadqiqotlar haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etdilar. Ular tomonidan olib borilayotgan izlanishlar, ya’ni organik va noorganik kimyo sohasidagi eksperimental ishlar, laboratoriya tadqiqotlari hamda yangi texnologiyalar rivoji haqida ilmiy tushunchalar berildi.

Shuningdek, olimlar ilmiy tadqiqotlarning respublikamizda fan va ishlab chiqarishni rivojlantirishdagi ahamiyati, ilmiy natijalarni amaliyotga joriy etish imkoniyatlari hamda ularning davlat va jamiyat hayotiga ko‘rsatayotgan ijobiy ta’siri haqida qiziqarli ma’lumotlar taqdim etdilar. Ular yosh tadqiqotchilarni ilmiy izlanishlarni samarali amalga oshirish va xalqaro standartlarga mos keltirish yo‘llari haqida ham tavsiyalar berdilar.

Seminar davomida magistrantlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga olimlardan atroflicha javob oldilar. Savol-javob marosimi tadbirga qiziqarlilik va interaktiv xarakter qo‘shdi. Yoshlar ilmiy faoliyatga oid tajriba va maslahatlarni bevosita yetakchi olimlardan olib, o‘zlarining bilim va salohiyatini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Bunday uchrashuvlar yosh tadqiqotchilarning ilmiy salohiyatini rivojlantirish, ularni zamonaviy ilmiy tadqiqotlarga keng jalb etish va amaliyotda qo‘llashga tayyorlashda muhim ahamiyatga ega. Seminar nafaqat magistrantlar uchun, balki barcha fakultetlardagi professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlar uchun ham ilmiy hamkorlik va bilim almashish maydoniga aylandi.

Tadbir salohiyatli yosh olimlar va tajribali mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashinuvi, ilmiy diskussiyalar va kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini belgilash uchun ham muhim ahamiyat kasb etdi.