San’at va sport fakultetida ayollarga ehtirom ko‘rsatildi
Qo‘qon davlat universiteti San’at va sport fakultetida 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur bayram fakultetning barcha ayol ustozlari, xodimlari hamda talaba-qizlariga bo‘lgan hurmat va ehtiromni ifoda etuvchi samimiy tadbir sifatida o‘tkazildi.
Tadbir fakultet dekani, professor Jamshid Todjiboyevning samimiy tabrik so‘zlari bilan ochib berildi. U o‘z nutqida ayollarning jamiyatdagi o‘rni, oila va ta’lim-tarbiya tizimidagi beqiyos hissasi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, ayol ustozlar va talaba-qizlarning ilm-fan, san’at hamda sport sohalaridagi yutuqlari alohida e’tirof etilib, ularga kelgusidagi faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilandi.
Tadbir davomida universitet rektorining fakultet jamoasi, ayniqsa ayol xodimlar va talaba-qizlarga yo‘llagan bayram tabrigi ham o‘qib eshittirildi. Mazkur tabriknoma Nozima Davletova tomonidan tantanali tarzda o‘qib berilib, unda ayollarga bo‘lgan yuksak ehtirom, ularning jamiyat hayotidagi o‘rni hamda fidokorona mehnati alohida ta’kidlandi.
Bayram tadbiri talaba-yoshlar tomonidan tayyorlangan rang-barang badiiy chiqishlar bilan davom etdi. Iqtidorli talabalar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, samimiy she’rlar hamda sahna ko‘rinishlari tadbirga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Ayniqsa, talabalar tomonidan namoyish etilgan askiya san’ati, qo‘g‘irchoq o‘ynatish mahorati hamda go‘zal qo‘shiqlar sadolari ostida ijro etilgan jozibador raqslar tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish va iliq olqishlar bilan kutib olindi.
Tadbir davomida fakultet hayotida faol ishtirok etib kelayotgan bir guruh ayol ustozlar hamda iqtidorli talaba-qizlar e’tirof etilib, ularga gul va esdalik sovg‘alari topshirildi. Bu esa bayram muhitini yanada ko‘tarib, barcha ishtirokchilarga quvonch va iliq kayfiyat ulashdi.