Orqaga
Calendar icon

Yoshlar kuni”: startaplar, g‘oyalar va ochiq muloqot


Qo‘qon davlat universitetida "Yoshlar kuni" shunchaki kun emas, balki katta imkoniyatlar bayramiga aylanib bormoqda.

"Yoshlar kuni" doirasida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari O‘ktam Salomov va talabalar muloqotning ilk nuqtasi — yosh olimlar va talabalarning kreativ g‘oyalari jamlangan innovatsion ko‘rgazma bo‘ldi. Bu yerda oddiy talabalik ishlaridan tortib, murakkab muhandislik yechimlarigacha bo‘lgan startaplar namoyish etildi.

Vazir o‘rinbosari har bir ixtironi sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirar ekan, ilmiy izlanishlarning qog‘ozda qolib ketmay, real amaliyotga tatbiq etilayotgani, ishlab chiqarish jarayonlariga joriy etilayotgani masalasiga alohida e’tibor qaratdi.

Shuningdek, yaratilayotgan ishlanmalarni yanada rivojlantirish, ularni startap loyihalariga aylantirish hamda ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikni kuchaytirish zarurligini qayd etdi.

Ko‘rgazmadan so‘ng muloqot zali qizg‘in muhokamalar maydoniga aylandi. Rasmiyatchilikdan butkul xoli, samimiy va ochiq ruhda o‘tgan muloqotda ochiqlik va samimiylik oʻz aksini topdi.

Talabalar bandligi, ilm-fandagi yangi islohotlar va innovatsion loyihalarni moliyalashtirish, talabalar bandligini taʼminlash — uchrashuvning eng qaynoq mavzulari bo‘ldi. Vazir o‘rinbosari o‘zining hayotiy tajribasi bilan o‘rtoqlashar ekan, talabalarni faqat bilim olish bilan cheklanmay, kreativ fikrlashga chorladi.

Eng muhimi, talabalar o‘zlarini qiynayotgan muammolar va yangi loyihalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri rahbarlarga yetkazish imkoniga ega bo‘ldilar. Har bir savolga berilgan batafsil javoblar yoshlar qalbida ertangi kunga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamladi.

Zero, bugun imkoniyat eshiklari keng ochilgan bir paytda, mana shunday jonli muloqotlar yangi-yangi marralar sari qo‘yilgan muhim qadamdir.