Orqaga
Calendar icon

Talaba-qizlar o‘rtasida “Quvnoq startlar” sport musobaqasi o‘tkazildi


Qoʻqon davlat universiteti Xorijiy filologiya fakulteti talaba-qizlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yoshlarning jismoniy faolligini oshirish hamda jamoaviylik ruhini mustahkamlash maqsadida “Quvnoq startlar” sport musobaqasi tashkil etildi. Mazkur sport tadbiri talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, ularning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga xizmat qildi.

Tadbirni universitet birinchi prorektori Ahmadjon Xusanov ochib berar ekan, talaba-yoshlarning jismoniy barkamolligi, sog‘lom turmush tarziga amal qilishi va sport bilan muntazam shug‘ullanishi bugungi kunning muhim talablaridan biri ekanini ta’kidladi. Shuningdek, bunday musobaqalar talabalarning nafaqat jismoniy chiniqishiga, balki ularning o‘zaro do‘stlik, hamjihatlik va jamoaviylik fazilatlarini rivojlantirishiga ham katta hissa qo‘shishini alohida qayd etdi.

Musobaqada fakultet talaba-qizlaridan tashkil topgan 4 ta — “Diamond”, “Falcons”, “Tumaris qizlari” hamda “Quvnoq do‘mboqchalar” jamoalari o‘zaro bellashdi. Qiziqarli estafeta o‘yinlari, tezkorlik va chaqqonlikni sinovdan o‘tkazuvchi sport shartlari orqali jamoalar o‘z mahoratini namoyish etdi.

Musobaqa qizg‘in va murosasiz bahslar ostida, ayni paytda ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi. Har bir jamoa g‘alaba uchun astoydil harakat qilgani, talaba-qizlarning sportga bo‘lgan qiziqishi va faolligi tadbirga o‘ziga xos shukuh bag‘ishladi.

Yakunda ishtirokchi jamoalarning barchasi faol ishtiroki uchun munosib e’tirof etildi. Mazkur sport musobaqasi talaba-yoshlar uchun nafaqat sog‘lom raqobat maydoni, balki do‘stlik va birdamlikni mustahkamlovchi unutilmas sport bayramiga aylandi.