Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!
Bahor — yangilanish va yasharish fasli. Bu fasl o‘zining ezgu an’analari bilan qalblarga iliqlik olib kiradi. Xususan, joriy yilning 13–14-mart kunlari mamlakatimiz bo‘ylab e’lon qilingan “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!” shiori ostidagi umumxalq xayriya hashari Qo‘qon davlat universitetida ham uyushqoqlik bilan boshlandi.
Hashar — xalqimizning ko‘p asrlik qadriyatlaridan biri. Bugun universitet hovlisi har qachongidan ham gavjum. Universitet rektori Dilnoza Xodjayeva boshchiligida professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar va ishchi-xodimlar erta tongdanoq bel bog‘lab ishga kirishdilar. Hasharda talabalarning “Umidli yurt yoshlari” volontyorlik harakati a’zolari ham faol ishtirok etib, obodonlashtirish ishlariga munosib hissa qo‘shdilar. Maqsad bitta — o‘zlari tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan maskanni yanada go‘zal va yashil hududga aylantirish.
Tadbir davomida universitet hududidagi har bir qarich yer e’tibordan chetda qolmadi. Ariq va yo‘laklar tozalandi, daraxtlarga shakl berilib, oqlandi. Gullar ekildi. Amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari natijasida 1000 dan ziyod manzarali va mevali ko‘chatlar ekildi, 5000 dan ortiq daraxt oqlandi, hududdan 12 tonna chiqindi olib chiqildi, sug‘orish tarmoqlari esa soz holatga keltirildi.
Ayniqsa, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida universitet hududiga ekilayotgan mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari kelajakda bu maskanning havosini yanada musaffo, manzarasini esa yanada betakror etishi shubhasiz.
Hashar nafaqat obodonlashtirish ishlari, balki o‘ziga xos tarbiya maktabi hamdir. Yoshlar bu orqali ona tabiatni asrash, mehnatning qadriga yetish kabi fazilatlarni amalda o‘rganmoqdalar.
Ikki kun davom etgan ushbu xayriya hashari nafaqat hududning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shdi, balki bayramoldi tayyorgarligining o‘ziga xos debochasiga ham aylandi. Zero, obodlik bor joyda baraka, ahillik bor joyda esa yuksalish bo‘ladi.