Dekan talabalarning yashash sharoitlari bilan tanishdi
Ilm yoʻli — mashaqqatli, lekin sharafli yoʻl. Ayniqsa, ota-onasi duosini olib, yurtimizning turli hududlaridan Qoʻqon davlat universitetiga ilm izlab kelgan talaba uchun har bir kun sinovdir. Gumanitar fanlar va tillar fakulteti jamoasi uchun esa talabaning nafaqat darsdagi davomati, balki uning darsdan keyingi hayoti, turmush tarzi va xavfsizligi hamisha muhim vazifa boʻlib kelgan.
Bugun fakultet dekani, professor Dilnoza Jamoliddinova navbatdagi manzilda. Bu galgi tashrif shunchaki tekshiruv emas, balki ona va farzand, ustoz va shogird oʻrtasidagi samimiy muloqotga aylandi. Dekan har bir ijara xonadonini koʻzdan kechirar ekan, eng avvalo, talabaning dars tayyorlashi uchun tinch muhit borligiga, uyning issiqligiga hamda sanitariya holatiga alohida eʼtibor qaratdi.
Gaz va elektr moslamalaridan foydalanishda ehtiyotkorlik, yashash joyidagi tartib-intizom haqida berilgan tavsiyalar yoshlar uchun hayotiy saboq boʻldi.
Shundan soʻng dekan talabalar turar joyida ham boʻlib, u yerda yashayotgan talabalar bilan suhbatlashdi. Talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, xonalar tartibi, dars tayyorlash uchun muhit hamda xavfsizlik masalalari yana bir bor koʻzdan kechirildi.
Suhbat davomida talabalarning takliflari tinglandi, muammolari oʻrganildi. Ijara xonadonida yashashning oʻziga xos qiyinchiliklari bor, albatta. Ammo mana shunday ustozlarning yoʻqlovi, ularga koʻrsatilgan eʼtibor yoshlarning koʻnglida oʻqishga boʻlgan ishtiyoqni yanada oshiradi. Ular oʻzlarini begona shaharda emas, balki katta va ahil oilaning bir aʼzosi kabi his etmoqdalar.
Eʼtibor — eng katta ragʻbat. Gumanitar fanlar va tillar fakulteti rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan bu kabi tadbirlar tizimli ravishda davom etadi. Zero, talabaning koʻngliga yoʻl topgan ustozgina haqiqiy maʼnaviyat tarbiyachisi boʻla oladi.