Orqaga
Calendar icon

Assalom, Navro‘z: Yangilanish va yasharish ayyomi tantanasi


Tabiat uyg‘onib, borliq go‘zallikka burkanayotgan, dillar bayram shukuhi bilan to‘lgan ushbu kunlarda yurtimiz bo‘ylab Navro‘zi olam keng nishonlanmoqda. Qoʻqon davlat universitetining Xorijiy filologiya fakultetida tashkil etilgan “Assalom, Navro‘z” nomli adabiy-badiiy kecha ham aynan shu nafosat va qadriyatlar tantanasiga bag‘ishlandi.

Tadbirni universitetning birinchi prorektori Ahmadjon Husanov ochib berdi. U o‘z so‘zida Navro‘z bayramining mazmun-mohiyati, uning xalqimiz oʻtmishidagi o‘rni haqida to‘xtalib, barcha ishtirokchilarni yangilanish va yasharish ayyomi bilan samimiy qutladi. Talabalarning bilim olishdagi shijoati va madaniy hayotdagi faolligiga muvaffaqiyatlar tiladi.

Bayramning badiiy qismi chinakam ijodiy maydonga aylandi. Bo‘lajak filologlar tomonidan tayyorlangan chiqishlar yig‘ilganlarga manzur bo‘ldi. Kechada yangragan bahor taronalari, milliy qadriyatlarimizni tarannum etuvchi sahna ko‘rinishlari va jozibador raqslar guldastasi kechaga o‘zgacha jilo bag‘ishladi.

Quvonarli jihati shundaki, bayram tadbiri faqatgina tomosha bilan cheklanib qolmadi. O‘quv yili davomida ijtimoiy va ma’naviy hayotda o‘zining faolligi, iqtidori va intilishi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh talabalar rahbariyat tomonidan munosib e’tirof etilib, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

“Assalom, Navro‘z” adabiiy-badiiy kechasi nafaqat bayram tadbiri, balki yoshlar qalbida milliy g‘urur va bahoriy kayfiyatni uyg‘otgan yorqin sahifa bo‘lib muhrlandi.