Orqaga
Calendar icon

TTJda Navro‘z: Bayram oshi va unutilmas lahzalar

Navro‘z — yangilanish, mehr-oqibat va hamjihatlik ayyomi. Bu kunlarda hatto havoning nafasi ham o‘zgacha, qalbimizga yasharish shukuhini olib kiradi.

Qo‘qon davlat universitetida ham bu yilgi bahor tantanalari o‘zgacha shukuh, o‘zgacha tarovat bilan boshlandi.

Bayramning eng go‘zal an’analaridan biri — bu birdamlik dasturxonidir. Bugun universitet rahbariyati tashabbusi bilan barcha talabalar turar joylarida o‘choqlarga olov yoqildi. Gurkirab yongan olov taftida ezgu niyatlar bilan bayram oshi damlandi. Tadbir talaba-yoshlar uchun oltin davrining unutilmas xotirasiga aylandi.

Yurtimizning turli go‘shalaridan kelgan yoshlar bir tanu bir jon bo‘lib ishga kirishdilar. Kimdir sabzi to‘g‘ragan, kimdir o‘tin tashigan, yana kimdir milliy qo‘shiqlar bilan davraga fayz kiritgan.

Kechaning badiiy qismi esa bayramga yanada ko‘rk bag‘ishladi. Talabalar tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari, milliy raqslar va kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga unutilmas lahzalarni tuhfa etdi. Ijodkor yoshlar tomonidan ijro etilgan dilbar taronalar, xalq og‘zaki ijodi namunalaridan sahnalashtirilgan chiqishlar barchaning qalbidan chuqur joy oldi. Ayniqsa, Navro‘z qadriyatlarini aks ettiruvchi qoʻshqlar va she’riy chiqishlar davraga alohida zavq va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Shu daqiqalarda talabalar turar joyi shunchaki yashash joyi emas, balki katta va ahil bir oilaga aylandi.

Oshning xushbo‘y hidi butun hududni qoplab, dillarga quvonch ulashdi. Pishib yetilgan bayram taomi barcha talabalarga ulashildi. Dasturxon atrofida jam bo‘lgan yoshlarning chehrasidagi tabassum, ko‘zlaridagi minnatdorchilik — bayramning eng unutilmas lahzalariga aylandi. Uzoqdagi yaqinlarini sog‘ingan talabalar uchun bu e’tibor xalqimizga xos bag‘rikenglik va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.

21-mart — Navro‘zi olam Qo‘qon davlat universiteti talabalari uchun mana shunday saxovat va quvonch onlari bilan muhrlandi.

Yasharish va yangilanish ayyomingiz muborak bo‘lsin, aziz talabalar!