Orqaga
Calendar icon

Assalom, Navro‘z: universitetida bahor bayrami davom etmoqda


Qo‘qon davlat universitetida Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan o‘tkazilayotgan tantanali tadbirlar ko‘tarinki ruhda davom etmoqda. Bahorning ilk nafasi, yangilanish va yasharish timsoli bo‘lgan ushbu ayyom universitet hayotiga o‘zgacha fayz, quvonch va ko‘tarinkilik bag‘ishlamoqda. Ayniqsa, Gumanitar fanlar va tillar fakultetida tashkil etilgan “Assalom, Navro‘z!” nomli bayram tadbiri o‘zining mazmun-mohiyati, rang-barang dasturi va milliy qadriyatlarimizni tarannum etgani bilan alohida e’tibor qozondi.

Mazkur tadbirni universitetning birinchi prorektori Ahmadjon Husanov tantanali ravishda ochib berdi. U o‘z soʻzida barcha talaba-yoshlarni ushbu ulug‘ ayyom bilan samimiy tabriklab, ularga mustahkam sog‘lik, yuksak marralar va kelgusi faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tiladi.

Tadbir davomida milliy urf-odat va an’analarimiz keng namoyon etildi. Talabalar tomonidan sahnalashtirilgan chiqishlarda Navro‘zga xos qadimiy marosimlar, xalqona udumlar va qadriyatlar badiiy ifoda orqali aks ettirildi. Ayniqsa, milliy liboslar jilosi, davradigi bahoriy kayfiyat va folklor elementlari tomoshabinlarda unutilmas taassurot qoldirdi.

Bayram dasturi she’riy chiqishlar, jozibali raqslar hamda diltortar bahor taronalari bilan yanada boyitildi. Iqtidorli talabalar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar barchaga bayramona kayfiyat ulashib, yig‘ilganlarning olqishiga sazovor bo‘ldi. Har bir chiqish bahorning go‘zalligi, tabiatning uyg‘onishi va inson qalbidagi yangilanish tuyg‘ularini o‘zida mujassam etdi.

Tadbir yakunida universitet va fakultet hayotida faol ishtirok etib kelayotgan bir guruh tashabbuskor va iqtidorli talabalar taqdirlandi. Ularga faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari topshirilishi yoshlarni yanada faol bo‘lishga, ilm-fan va ijtimoiy hayotda yuqori natijalarga erishishga undovchi muhim rag‘bat bo‘ldi.

“Assalom, Navro‘z!” tadbiri nafaqat bayramona shodiyonani, balki milliy o‘zlikni anglash, qadriyatlarimizni asrab-avaylash va yosh avlod qalbida ularga hurmat tuyg‘usini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi. Qo‘qon davlat universitetida davom etayotgan Navro‘z tantanalari esa bu ezgu qadriyatlarning bardavom ekanidan dalolat bermoqda.