Orqaga
Calendar icon

“Assalom, Navro‘z!” — yoshlar nigohida bahor tantanasi


Qo‘qon davlat universiteti Tabiiy fanlar va iqtisodiyot fakultetida Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan “Assalom, Navro‘z!” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir yuqori saviyada tashkil etildi. Bahorning kirib kelishi, tabiatning uyg‘onishi va yangilanish ramzi bo‘lgan ushbu ayyom fakultet jamoasi va talaba-yoshlar qalbiga o‘zgacha quvonch va ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Tadbirni fakultet dekani Vahobjon Xo‘jayev ochib berib, yig‘ilganlarni Navro‘z bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. U o‘z nutqida Navro‘zning xalqimiz hayotidagi o‘rni, uning mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlikni mustahkamlovchi qadriyat ekanini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Bayram dasturi davomida milliy sport o‘yinlaridan namunalar namoyish etilib, talabalar o‘zlarining chaqqonligi va epchilligini ko‘rsatdilar. Ushbu chiqishlar tomoshabinlarga ko‘tarinki ruh bag‘ishlab, milliy an’analarimizga bo‘lgan hurmatni yanada oshirdi.

Shuningdek, tadbir doirasida bahoriy milliy taomlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Talabalar tomonidan tayyorlangan rang-barang va mazali taomlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi hamda milliy oshxona an’analarining boyligini yana bir bor namoyon etdi.

Tadbirning badiiy qismida esa iqtidorli talabalar tomonidan she’rlar o‘qilib, kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Ularning chiqishlari Navro‘zning go‘zalligi, tabiatning uyg‘onishi va inson qalbidagi ezgulik tuyg‘ularini tarannum etdi.

Umuman olganda, “Assalom, Navro‘z!” bayram tadbiri fakultet hayotida yorqin voqea bo‘lib, talaba-yoshlar o‘rtasida milliy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat ruhini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.