“Kitobxon talaba” – ma’rifat sari yana bir muhim qadam
Qo‘qon davlat universitetida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib etish maqsadida “Kitobxon talaba” tanlovi yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbusning to‘rtinchi yo‘nalishi — yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni rivojlantirish doirasida o‘tkazilgani bilan alohida ahamiyat kasb etdi.
Bugungi kunda kitob — inson tafakkurini yuksaltiruvchi, dunyoqarashini kengaytiruvchi eng muhim manbalardan biri hisoblanadi. Shu bois universitetda o‘tkazilgan mazkur tanlov yoshlarni mutolaaga keng jalb etish, ularda adabiyotga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qildi. Tadbir jarayonida turli fakultetlardan saralab olingan jamoalar o‘zaro bellashib, bilim va tafakkur borasida kuch sinashdilar.
Tanlov bir necha shartlar asosida tashkil etilib, unda ishtirokchilar o‘zlarining kitobxonlik darajasi, tezkor va mantiqiy fikrlash qobiliyati, badiiy asarlarni chuqur tahlil eta olish mahorati hamda nutq madaniyatini namoyon etdilar. Har bir chiqish tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otib, haqiqiy intellektual muhitni yuzaga keltirdi. Ayniqsa, ishtirokchilarning o‘qilgan asarlar yuzasidan bildirgan mustaqil fikrlari, tahliliy yondashuvlari va erkin mushohadalari hakamlar hay’ati tomonidan yuqori baholandi.
Bellashuv jarayoni nafaqat kuchli raqobat, balki o‘zaro tajriba almashish, bilimlarni boyitish va yangi do‘stlik rishtalarini mustahkamlash maydoniga aylandi. Ishtirokchilar o‘z jamoalari sha’nini munosib himoya qilib, kitobga bo‘lgan mehr va ehtiromlarini amalda namoyon etdilar.
Tanlov yakunlariga ko‘ra quyidagi jamoalar g‘oliblikni qo‘lga kiritdi:
1-o‘rin — “Saturn” jamoasi (Boshlang‘ich va texnologik ta’lim fakulteti)
2-o‘rin — “Kitobchi” jamoasi (Xorijiy filologiya fakulteti)
3-o‘rin — “Tarjimonlar” jamoasi (Xorijiy filologiya fakulteti)
Umuman olganda, “Kitobxon talaba” tanlovi yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ularni kitob mutolaasiga keng jalb etish, mustaqil fikrlashini rivojlantirish hamda ma’naviy dunyosini boyitishda muhim o‘rin tutadi. Bunday tadbirlar kelajak avlodni barkamol, bilimli va keng dunyoqarashli insonlar etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.