Orqaga
Calendar icon

“Yangi O‘zbekiston talabalar olimpiadasi”ga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi

Qo‘qon davlat universitetida joriy yildan mamlakatimizda yo‘lga qo‘yilayotgan “Yangi O‘zbekiston talabalar olimpiadasi” sport o‘yinlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda universitetning birinchi prorektori Ahmajon Husanov, trenerlar, dekan o‘rinbosarlari mazkur musobaqaning mazmun-mohiyati, uni tashkil etish tartibi hamda talaba-yoshlar ishtiroki bilan bog‘liq muhim masalalarni muhokama qildilar.

Ta’kidlanganidek, uch bosqichdan iborat ushbu sport o‘yinlari yoshlar hayotida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, ularning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda iqtidorli sportchilarni aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Yig‘ilish davomida berilgan ma’lumotlar asosida universitetda musobaqalar 7 ta sport turi bo‘yicha tashkil etilishi qayd etildi. Jumladan, yengil atletika, basketbol 3x3, voleybol, gandbol, futbol, stol tennisi hamda suzish yo‘nalishlarida bellashuvlar bo‘lib o‘tadi.

Shuningdek, musobaqalarda barcha toifadagi havaskor sportchi-talabalar ishtirok etishi mumkinligi, biroq sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoalar tarkibiga kiritilgan professional sportchilarning qatnashishi qat’iyan man etilishi alohida ta’kidlandi.

Mazkur yig‘ilish talaba-yoshlarni sportga keng jalb etish, universitet jamoasining ushbu nufuzli musobaqalardagi munosib ishtirokini ta’minlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.