Farg‘onada innovatsiyaga bag‘ishlangan hafta yakun topdi
Fargʻona davlat texnika universitetida o‘tkazilgan “INNOWEEK” ilmiy ishlanmalar va innovatsion mahsulotlar ko‘rgazmasi bugun o‘z yakuniga yetdi. Hududdagi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari va yosh ixtirochilarning faol ishtirokida o‘tgan mazkur tadbirda Qoʻqon davlat universiteti ham o‘zining qator innovatsion ishlanmalari bilan munosib qatnashdi.
Xususan, universitetning Kimyo kafedrasi dotsenti Ilhomjon Ahmadjonov tomonidan ishlab chiqilgan “Mahalliy sanoat chiqindilari asosida yangi avlod polielektrolitlar sintezi” loyihasi, shuningdek, doktorant Dostonjon Abdunabiyevning “Elektrostatik filtr ishlab chiqarish” ishlanmasi ko‘rgazma mehmonlarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, talabalar tomonidan tayyorlangan startap loyihalar — Yahyobek Athamovning “Aspiring” hamda Asadbek Akbarovning “Najot” nomli ishlanmalari ham ko‘rgazma davomida e’tiborga molik deb topildi.
Tadbir yakunida innovatsion g‘oyalari bilan ajralib turgan loyiha mualliflariga “InnoWeek–2025” xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligida ishtirok etish uchun maxsus yo‘llanmalar topshirildi.