Har kuning bo‘lsin Navro‘z, jonajon O‘zbekistonim
Pedagogika va psixologiya fakultetida bahorning ilk nafasi, tabiatning uyg‘onishi ramzi bo‘lgan Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan “Har kuning bo‘lsin Navro‘z, jonajon O‘zbekistonim” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Mazkur bayram nafaqat fasllar almashinuvining ramziy ifodasi, balki milliy qadriyatlarimizni ulug‘lash, yosh avlod qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qiladigan madaniy voqea sifatida alohida ahamiyat kasb etdi.
Tadbirda milliy an’analarimizni o‘zida mujassam etgan ko‘rgazmalar tashkil qilindi. Xususan, talaba-yoshlar tomonidan namoyish etilgan milliy liboslar ko‘rgazmasi o‘zining rang-barangligi, nafisligi va milliylikni aks ettiruvchi elementlari bilan barchaning e’tiborini tortdi. Har bir libosda xalqimizning qadimiy urf-odatlari, estetik didi va an’analari o‘z ifodasini topdi.
Bayram dasturi badiiy chiqishlarga boy va mazmunan rang-barang tarzda tashkil etildi. Sahnada 2-bosqich talabasi Ruxshona Mirzamahmudova tomonidan ijro etilgan yaka raqs tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi. Shundan so‘ng talaba-yoshlar tomonidan o‘qilgan she’rlar Navro‘z, Vatan va insoniy qadriyatlarni madh etib, tinglovchilarga ruhiy zavq bag‘ishladi.
Tadbir davomida ijro etilgan jo‘shqin surxoncha raqs va nafis jayron raqsi sahnaga o‘zgacha joziba bag‘ishladi. Milliy ohanglar ostida ijro etilgan jonli qo‘shiqlar esa bayram kayfiyatini yanada ko‘tardi.
Umuman olganda, Navro‘zning iliq nafasi, milliy ruh va yoshlar ijodi uyg‘unlashgan mazkur tadbir talaba-yoshlar qalbida unutilmas taassurotlar qoldirdi. Bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yosh avlodni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi.