Orqaga
Calendar icon

Magistratura bo‘limida bahoriy ayyom nishonlandi

Bahorning yangilanish va yasharish bayrami — Navro‘zi olam yurtimiz bo‘ylab ko‘tarinki ruhda nishonlanmoqda. Shunday bayram tadbirlaridan biri Qo‘qon davlat universiteti Magistratura bo‘limi tomonidan yuqori saviyada tashkil etildi.

“Assalom, Navro‘z” deya nomlangan ushbu madaniy-ma’rifiy kechada universitet rahbariyati, soha mutaxassislari va ilm yo‘lidagi yoshlar jam bo‘lishdi. Tadbirni universitetning birinchi prorektori Ahmadjon Husanov ochib berar ekan, yig‘ilganlarni milliy bayramimiz bilan qutlab, bugungi kunda magistrlarga yaratilayotgan imkoniyatlar va milliy qadriyatlarni asrashning ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi.

Tadbir davomida Magistratura bo‘limi boshlig‘i Davlatjon O‘rinboyev hamda universitetning professor-o‘qituvchilari so‘zga chiqib, Navro‘zning tarixi va uning insonlar o‘rtasidagi mehr-oqibat rishtalarini bog‘lashdagi o‘rni haqida iliq fikrlar bildirishdi.

"Navro‘z — nafaqat yil boshi, balki ma’naviyatimiz ko‘zgusidir. Magistrlarimizning ilm bilan birga milliy an’analarimizga bo‘lgan ehtiromi bizni quvontiradi," — deya ta’kidladi bo‘lim mutasaddilari.

Dastur doirasida magistrlar tomonidan tayyorlangan milliy kuy-qo‘shiqlar va ona tabiatni madh etuvchi she’rlar tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. Bahoriy taomlar va urf-odatlarimiz aks etgan ko‘rgazmalar mehmonlar e’tiboriga havola etildi. Ustoz va shogirdlar o‘rtasidagi bayramona suhbatlar tadbirning asosiy mazmunini tashkil etdi.

Tadbir yakunida faol ishtirok etgan magistrlar va tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirildi. Ushbu bayram kechasi universitet magistrlari o‘rtasida ahillik va shukronalik kayfiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.