Orqaga
Calendar icon

Magistrantlar uchun muhim ilmiy seminar tashkil etildi

Qo‘qon davlat universiteti Magistratura bo‘limida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Namangan bo‘linmasining yetakchi olimlari ishtirokida ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi. Mazkur seminar yosh tadqiqotchilarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish, ularning nazariy bilimlarini mustahkamlash hamda zamonaviy ilmiy yo‘nalishlar bilan yaqindan tanishtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Seminarda universitetning Magistratura bo‘limi, Matematika kafedrasi professor-o‘qituvchilari, “Aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish metodikasi (matematika)” mutaxassisligi hamda boshqa turdosh yo‘nalishlarda tahsil olayotgan magistrantlar faol ishtirok etdi.

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Namangan bo‘linmasi mudiri, fizika-matematika fanlari doktori, professor Muzaffar Raxmatullayev so‘zga chiqib, bugungi kunda matematika va unga tutash yo‘nalishlarda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, ularning ustuvor yo‘nalishlari hamda amaliy ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berdi. Shuningdek, u mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirishga qaratilayotgan davlat siyosati, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash borasida yaratilayotgan imkoniyatlar, grant va loyihalar tizimi haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

Seminarda fizika-matematika fanlari nomzodi, akademiya katta ilmiy xodimi Iskandar Sattorov ham o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etib, zamonaviy ilmiy tadqiqotlarning dolzarb yo‘nalishlari, innovatsion ishlanmalarni yaratish hamda ularni amaliyotga joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. U, ayniqsa, ilmiy natijalarni ishlab chiqarish jarayonlariga integratsiya qilish, xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish va ilg‘or tajribalarni o‘rganish zarurligini ta’kidladi.

Shuningdek, seminar davomida matematika fanining bugungi kundagi dolzarb muammolari, ularni hal etish yo‘llari, ilmiy izlanishlarda zamonaviy yondashuvlardan foydalanish, raqamli texnologiyalar imkoniyatlarini keng joriy etish kabi masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Seminar interaktiv ruhda o‘tib, magistrantlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan faol ishtirok etdilar. Ular ilmiy tadqiqot olib borish metodologiyasi, ilmiy maqolalar tayyorlash, xalqaro jurnallarda chop etish talablari, shuningdek, doktorantura bosqichiga tayyorgarlik masalalari yuzasidan yetakchi olimlardan batafsil javob oldilar.

Tadbir yakunida ta’kidlanganidek, bunday ilmiy uchrashuvlar yoshlarning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, ularning ilmiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda kelgusida yetuk mutaxassis va olimlar sifatida shakllanishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.