Qadriyatlar beshigi: San’at va sport fakultetida Navro‘zi olam
Bahor nafasi bilan birga ko‘hna va hamisha navqiron Qo‘qon zaminiga yangilanish va yasharish ayyomi — Navro‘zi olam kirib keldi. Bugun Qo‘qon davlat universiteti San’at va sport fakulteti hududi har qachongidan-da gavjum, har qachongidan-da go‘zal! Atrofda bahoriy gullar ifori, yoshlarning quvnoq kulgusi va bayramona bezatilgan davra ko‘zni quvnatadi.
Talaba-yoshlar o‘rtasida milliy qadriyatlarimizni ulug‘lash, ajdodlar merosini e’zozlash va sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish maqsadida tashkil etilgan ushbu keng ko‘lamli bayram saylini universitetning birinchi prorektori Ahmajon Husanov tantanali ravishda ochib berdi. U o‘z so‘zida Navro‘zning ma’naviy hayotimizdagi o‘rni, yoshlar kamolotida milliy an’analarning ahamiyati haqida to‘xtalib, barcha ishtirokchilarni yangilanish fasli bilan muborakbod etdi.
Sayilning eng qizg‘in va zavqli jarayonlari — bu milliy an’analarimizning jilosidir. Olovda qizigan qozonlar, atrofga taralgan ziravorlarning xushbo‘y hidi oshpazlik mahorati bo‘yicha bellashuvlardan darak berardi.
Dasturxonimiz ko‘rki bo‘lmish palov tayyorlash bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov haqiqiy mahorat maktabiga aylandi. Guruchning sarasi-yu, masalliqlarning me’yori bilan pishirilgan taomlar nafaqat hakamlar, balki barcha mehmonlarning ham e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Yoshlarimiz nafaqat pazandachilik sirlarini namoyish etishdi, balki ota-bobolarimizdan meros qolgan bag‘rikenglik va mehmondo‘stlik kabi olijanob xislatlarni ham amalda ko‘rsatib berdilar.
Polvonlar va botirlar bayrami doirasida tashkil etilgan sport musobaqalari davrani haqiqiy shijoat maydoniga aylantirdi. Talabalar o‘z jismoniy tayyorgarligi va irodasini namoyish etdilar.
Har bir g‘alaba hayqirig‘i, muxlislarning olqishlari bayram shukuhiga o‘zgacha jo‘shqinlik bag‘ishladi. Bu bellashuvlar yoshlarni ham jismonan, ham ma’nan chiniqtirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
San’at va sport fakulteti bo‘lganidan keyin, bu yerda kuy va qo‘shiq daryo bo‘lib oqishi, raqslar sehriga asir bo‘lmaslikning iloji yo‘q! Bo‘lajak san’atkorlar tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar sayilning eng go‘zal qismiga aylandi. Dutorning mayin sadosi, doira zarblari va yosh xonandalar ijrosidagi jonli taronalar osmonu falakka ko‘tarildi. Sahna ko‘rinishlarida xalqimizning qadimiy urf-odatlari, marosimlari va afsonalari mahorat bilan talqin etildi. Har bir chiqish — tariximizga ehtirom, kelajakka ishonch ramzi bo‘lib jarangladi.
Mazkur Navro‘z sayli shunchaki bayram sifatida emas, balki talaba-yoshlar o‘rtasidagi ahillik, ijodiy parvoz va milliy g‘urur namoyishi sifatida muhrlandi. Bu yerda shakllangan do‘stona muhit va ko‘tarinki ruh talabalarning kelgusi o‘qish va ishlarida yangi zafarlarga ilhom bag‘ishlashi shubhasiz.
Qo‘qon davlat universiteti yoshlari ushbu bahoriy ayyomni yuksak tayyorgarlik va cheksiz quvonch bilan qarshi oldilar. Zero, Navro‘z bor joyda qut-baraka, mehr-oqibat va hamjihatlik barqarordir!