Kelajak pedagoglari bilan yuzma-yuz uchrashuv
Bugun mamlakatimizda yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor har bir ta’lim dargohida o‘zgacha shukuh, yuksak e’tirof va samimiy g‘amxo‘rlik ruhida namoyon bo‘lmoqda. Ayniqsa, oliy ta’lim muassasalarida tashkil etilayotgan ochiq muloqotlar, uchrashuvlar va fikr almashuvlari yoshlarning nafaqat bilim olishiga, balki o‘z fikrini erkin ifoda etishiga ham keng imkoniyat yaratmoqda. Xususan, Qo‘qon davlat universiteti rektori Dilnoza Xodjayevaning Pedagogika va psixologiya fakulteti talabalari bilan o‘tkazgan uchrashuvi ilmga chanqoq, intiluvchan yoshlar uchun chinakam ilhom manbai va unutilmas voqeaga aylandi.
Uchrashuv avvalida universitet rektori bugungi kun talabasiga qo‘yilayotgan zamonaviy talablar haqida batafsil to‘xtalib, yoshlar faqatgina nazariy bilim bilan cheklanib qolmasligi, balki mustaqil fikrlash, kreativ yondashuv va zamon bilan hamnafas bo‘lish kabi muhim ko‘nikmalarni ham egallashi zarurligini alohida ta’kidladi. Shuningdek, u yuksak ma’naviyat, vatanparvarlik ruhida tarbiya topgan, jamiyatda o‘z o‘rnini topa oladigan barkamol avlodni voyaga yetkazish har bir pedagogning ustuvor vazifasi ekanini qayd etdi.
“Sizlar — ertangi kunning me’mori, kelajak pedagoglarisiz. Har biringizning ko‘zingizdagi shijoat, intilish va ishonchni ko‘rib, universitetimizning, qolaversa, yurtimizning ertasi ishonchli qo‘llarda ekaniga yana bir bor amin bo‘ldim. Sizlarning har bir yutug‘ingiz — bu bizning umumiy yutug‘imizdir,” — deya samimiy fikrlarini bildirdi Dilnoza Xodjayeva.
Uchrashuv davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan dolzarb masalalar yuzasidan savollar berib, taklif va tashabbuslari bilan faol ishtirok etishdi. Xususan, o‘quv jarayonlarini zamonaviy metodlar asosida takomillashtirish, amaliy mashg‘ulotlar ulushini oshirish, yosh pedagoglarning kasbiy mahoratini rivojlantirish, shuningdek, turli ijtimoiy va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari keng muhokama qilindi. Bildirilgan fikr va tashabbuslar universitet rahbariyati tomonidan ijobiy baholanib, ularni amaliyotga joriy etish yuzasidan zarur choralar ko‘rilishi ta’kidlandi.
Mazkur uchrashuv nafaqat ochiq muloqot maydoni, balki talabalarning ichki salohiyatini yuzaga chiqarishga xizmat qiluvchi muhim platformaga aylandi. Talabalar o‘zlarini tinglaydigan, qo‘llab-quvvatlaydigan rahbar borligini his etib, kelajak rejalari va maqsadlariga yanada katta ishonch bilan qaray boshladilar.
Pedagogika va psixologiya fakulteti talabalari uchun ushbu uchrashuv yangi g‘oyalar, ulkan maqsadlar va dadil qadamlar sari ilhom baxsh etdi. Zero, rahbar va yoshlar o‘rtasidagi bunday yaqinlik va samimiy muloqot ta’lim sifatini oshirish bilan birga, talabalarning o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlab, ularni kelajak sari dadil odimlashga undaydi.