Yoshlar kuni: Qoʻqon davlat universitetida iqtidorlar eʼtirof etildi
Bilim — cho‘qqilarga eltuvchi eng nurli yo‘l, saodatga eltuvchi eng to‘g‘ri manzildir. Bugun Qo‘qon davlat universiteti ana shu nurli yo‘lda sobitqadam bo‘lgan, o‘z iqtidori va intilishi bilan tengdoshlariga chinakam o‘rnak bo‘layotgan yoshlarni bir davraga jamladi.
Yoshlar kuni — nafaqat bayram, balki yil davomida qilingan mehnatlarning sarhisobi, intilishlarning e’tirofidir. Universitetimizning har bir go‘shasida bugun g‘oliblik shukuhi, ertangi kunga bo‘lgan yuksak ishonch sezilib turibdi.
Tantanali marosimni universitet rektori Dilnoza Xodjayeva ochib berar ekan, yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor va yaratilayotgan imkoniyatlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Zero, davlatimiz rahbarining yoshlarga bo‘lgan ishonchi bugun har bir talabaning qo‘lga kiritayotgan yutug‘ida o‘z aksini topmoqda.
Marosimning eng hayajonli lahzalari — taqdirlash jarayoni boshlandi. Sahna markaziga o‘z ilmi bilan nomli davlat stipendiyalari sohiblari, Respublika va xalqaro fan olimpiadalari, nufuzli tanlovlar g‘oliblari taklif etildi. Ularning har birining ismi-sharifi yangraganda, zal olqishlarga to‘ldi.
Shuningdek, yil davomida eng faol, tashabbuskor va fidoyi bo‘lgan 'Yil talabasi – 2025' tanlovining mutlaq g‘oliblari ham munosib e’tirof etildi. Talabalarning erishgan natijalari universitet rahbariyati tomonidan nafaqat ma’naviy, balki moddiy jihatdan ham rag‘batlantirildi. Bu rag‘bat — yangi marralar, yangi zafarlar sari tashlangan ulkan qadamdir. Bugungi e’tirof har bir talaba qalbida faxr tuyg‘usini uyg‘otib, ularni yanada yuksak cho‘qqilarni zabt etishga chorlaydi.
Zero, universitet nufuzi — uning iqtidorli yoshlari kamolida, ularning g‘alabasida aks etadi. Zafaringiz muborak bo‘lsin, yangi O‘zbekistonning aziz yoshlar!