Yoshlar – intellektual kapital va milliy taraqqiyot drayveri
Shavkat Mirziyoyev raisligida Koʻksaroy qarorgohida oʻtkazilgan yoshlar bilan ochiq muloqot nafaqat navbatdagi tadbir, balki mamlakat taraqqiyotining strategik yoʻnalishlarini belgilab bergan muhim siyosiy va ijtimoiy voqelik sifatida baholanadi.
Ochiq muloqotda yana bir bor taʼkidlangan muhim gʻoya shu boʻldiki, yoshlar – mamlakatning eng katta iqtisodiy, ijtimoiy va intellektual kapitali hisoblanadi. Bu fikr oddiy shior emas, balki davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida shakllangan konseptual yondashuvdir.
Bugungi global raqobat sharoitida mamlakatlarning salohiyati tabiiy resurslar bilan emas, balki inson kapitali bilan oʻlchanmoqda. Demak, oliy taʼlim muassasalari faqat bilim beruvchi emas, balki raqobatbardosh, tashabbuskor va innovatsion fikrlaydigan kadrlar tayyorlovchi markazlarga aylanishi shart.
Uchrashuvdan kelib chiqqan birinchi ustuvor xulosa — rahbarlar faoliyati ochiqlik va bevosita muloqotga asoslanishi lozimligidadir. Zamonaviy boshqaruv modeli yopiq kabinetlar emas, balki ochiq platforma va jonli muloqotga tayanadi.
Talabalarning muammolarini eshitish, takliflarini qoʻllab-quvvatlash va ularni tezkor hal etish – bu faqat ijtimoiy vazifa emas, balki taʼlim sifatini oshirishning amaliy mexanizmi hisoblanadi. Chunki taʼlim tizimidagi har bir muammo, agar u oʻz vaqtida bartaraf etilmasa, umumiy natijaga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Ikkinchi muhim yoʻnalish – xorijiy tillarni bilish, zamonaviy kasb va raqamli koʻnikmalarni egallash, startap va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishdir.
Bugun mehnat bozori diplomni emas, amaliy kompetensiyani talab qilmoqda. Shu nuqtai nazardan, universitet taʼlimi nazariya va amaliyot uygʻunligiga asoslanishi zarur. Startap loyihalar, innovatsion gʻoyalar, IT sohasi, sunʼiy intellekt va raqamli iqtisodiyot kabi yoʻnalishlar yoshlar uchun ulkan imkoniyat eshigini ochmoqda.
Ochiq muloqotda taʼkidlangan yana bir muhim jihat – yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar tizimli xarakter kasb etganidir. Yosh tadbirkorlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, startaplarni investitsiyalash, xorijda tajriba orttirish, innovatsiya va IT sohasida faoliyat yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan.
Biroq imkoniyatning mavjudligi oʻzi-oʻzidan natija bermaydi. Undan foydalanish uchun intilish, tashabbus va mehnat talab etiladi. Bu esa talabalar oldiga shaxsiy masʼuliyat masalasini qoʻyadi.
Murojaatnomada ilgari surilgan muhim konsepsiya – zamonaviy universitet modeli hisoblanadi. Universitet faqat diplom beruvchi muassasa emas. U kasb oʻrgatuvchi, gʻoyani amaliy loyihaga aylantiruvchi, yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlovchi, ish beruvchilar bilan uzviy hamkorlik qiluvchi tizim boʻlishi kerak.
Dual taʼlim mexanizmlarini joriy etish, xorijiy til sertifikatlariga tayyorlash, IT va kasb-hunar kurslarini kengaytirish, ilmiy va startap loyihalarni amaliy qoʻllab-quvvatlash – bu strategik vazifalar sifatida belgilanmoqda.
Yoshlar siyosatida ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarni qoʻllab-quvvatlash alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki taʼlimda teng imkoniyatlar tamoyili taʼminlanmas ekan, inson kapitali rivoji toʻliq boʻlmaydi. Shu maʼnoda, birorta yoshni eʼtibordan chetda qoldirmaslik – universitetlarning ustuvor tamoyili sifatida belgilab qoʻyilmoqda.
Murojaatnoma mazmunidan kelib chiqadigan asosiy gʻoya shuki, imkoniyatlar yaratilmoqda, tizim shakllanmoqda, sharoit mavjud. Endi natija yoshlarning intilishi, tashabbusi va tinimsiz mehnatiga bogʻliq.
Dilnoza Xodjayeva
Qoʻqon davlat universiteti rektori