Zulfiya – o‘zbek qizining iftixori
San’at va sport fakulteti Musiqa nazariyasi kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda 3-bosqich sirtqi ta’lim shakli talabalari tashabbusi bilan “Zulfiya – o‘zbek qizining iftixori” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy bayram kompozitsiyasi tashkil etildi. Tadbir O‘zbekiston xalq shoiri, atoqli jamoat arbobi Zulfiya tavalludining 111 yilligiga bag‘ishlandi.
Mazkur adabiy-badiiy kechaning asosiy maqsadi – shoira ijodini keng targ‘ib qilish, uning boy va sermazmun adabiy merosi orqali yosh avlod qalbida vatanparvarlik, sadoqat, nafosat, milliy g‘urur va ma’naviy poklik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Tadbir davomida Zulfiya hayoti va ijod yo‘li, o‘zbek adabiyoti rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi, ayniqsa, o‘zbek ayoli siymosini ulug‘lagan she’rlari xususida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Shoiraning sermazmun hayot yo‘li, uning ijodiy kamolot bosqichlari, xususan, turmush o‘rtog‘i – iste’dodli shoir Hamid Olimjon bilan birgalikdagi samarali ijodiy faoliyati alohida e’tirof etildi. Ularning adabiyot va ma’naviyat rivojiga qo‘shgan hissasi misollar asosida yoritib berildi.
Tadbir jarayonida talabalar tomonidan Zulfiya qalamiga mansub she’rlar yuksak mahorat va ifoda bilan o‘qildi. Sahna ko‘rinishlari orqali shoira asarlarida aks etgan sadoqat, muhabbat va matonat g‘oyalari badiiy talqinda namoyon etildi. Shuningdek, shoira she’rlari asosida yaratilgan kuy-qo‘shiqlar ijro etilib, musiqiy chiqishlar kechaning badiiy-estetik saviyasini yanada oshirdi va tomoshabinlarda chuqur taassurot qoldirdi.
Professor-o‘qituvchilar tomonidan shoira ijodining ma’naviy-tarbiyaviy ahamiyati keng tahlil qilinib, uning asarlarida aks etgan ona Vatanga muhabbat, ayolning matonati va fidoyiligi, hayot sinovlariga bardoshlilik kabi fazilatlar bugungi yoshlar tarbiyasida muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida Zulfiya siymosi nafaqat o‘zbek adabiyotining yorqin namoyandasi, balki o‘zbek ayolining iftixori, yuksak ma’naviyat va sadoqat timsoli ekani yana bir bor e’tirof etildi. Ushbu bayram kompozitsiyasi talabalarning badiiy-estetik didini yuksaltirish, ularni milliy qadriyatlarga hurmat va ehtirom ruhida tarbiyalashda muhim ma’naviy tadbir sifatida yuksak baholandi.