Xavfsiz va hurmatga asoslangan ta’lim muhitini shakllantirish masalalari muhokama qilindi
Qoʻqon davlat universitetida xavfsiz va hurmatga asoslangan ta’lim muhitini mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. “Xavfsiz, hurmatga asoslangan taʼlim muhitini shakllantiramiz” mavzusida tashkil etilgan mazkur tadbir universitetda sog‘lom ma’naviy-psixologik muhitni ta’minlash, pedagog va xodimlarning huquqiy, psixologik hamda axloqiy mas’uliyatini yanada oshirishga qaratildi.
Davra suhbatida universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, tarkibiy bo‘linma mas’ullari hamda yoshlar bilan ishlash yo‘nalishi vakillari ishtirok etdi. Mutaxassislar tomonidan ta’lim muassasasida o‘zaro hurmat, ochiq muloqot va sog‘lom muhitni qaror toptirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekani ta’kidlandi.
Tadbir davomida, ayniqsa, erkak pedagoglarning kasbiy etikasi, xizmat intizomi, talaba-yoshlar bilan muloqot madaniyati va shaxsiy namuna ko‘rsatish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, ta’lim jarayonida o‘zaro hurmat va mas’uliyat tamoyillariga qat’iy amal qilish, pedagogning o‘zini tutishi va muomala madaniyati – sifatli ta’limning muhim omillaridan biridir. Zero, ustozning shaxsiy fazilatlari va odobi talabalarning dunyoqarashi, ijtimoiy faolligi hamda hayotiy qadriyatlari shakllanishida bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Shuningdek, ta’lim jarayonida uchrashi mumkin bo‘lgan ehtimoliy salbiy holatlarning oldini olish, xizmat odobiga rioya etish, ichki tartib-qoidalarni takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi. Psixologlar tomonidan sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlashda profilaktik suhbatlar, trening va seminarlarning ahamiyati haqida fikr-mulohazalar berildi.
Davra suhbati yakunida xavfsiz va hurmatga asoslangan ta’lim muhitini yaratish – nafaqat ma’muriyat yoki alohida pedagoglarning, balki butun jamoaning ustuvor vazifasi ekani qayd etildi. Universitet jamoasi mazkur yo‘nalishda tizimli ishlarni davom ettirish, talaba-yoshlar uchun qulay va ishonchli ta’lim makonini shakllantirishga qat’iy bel bog‘laganini bildirdi.