Ta’lim va amaliyot integratsiyasi: yangi hamkorlik memorandumi imzolandi
Talabalar va bitiruvchilarning bandligini ta’minlash, ularni mehnat bozoriga tayyor, raqobatbardosh mutaxassis sifatida shakllantirish maqsadida Qoʻqon davlat universiteti hamda Registon Study o‘quv markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandum oliy ta’lim va nodavlat ta’lim sektori o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytirish, nazariy bilimlarni amaliy tajriba bilan uyg‘unlashtirish hamda yoshlarning kasbiy rivojlanishiga ko‘maklashishni nazarda tutadi.
Hamkorlik doirasida iqtidorli hamda chet tillari bo‘yicha milliy va xalqaro sertifikatlarga ega talabalar “Registon Study” tizimidagi o‘quv markazlariga ishga jalb etiladi. Bu orqali talabalar o‘qish jarayonidayoq amaliy pedagogik tajriba orttirish, daromad topish va o‘z kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Shuningdek, “Registon Talent Pool”, stajirovka, mentorlik va “Ustoz–shogird” dasturlari orqali talabalar uchun tizimli kasbiy rivojlanish muhiti yaratiladi. Mazkur dasturlar yoshlarning nafaqat professional bilim va ko‘nikmalarini, balki liderlik, jamoada ishlash, muloqot madaniyati va shaxsiy samaradorlik kabi kompetensiyalarini ham rivojlantirishga xizmat qiladi.
Memorandumga muvofiq, universitet talabalari “Registon Study” o‘quv markazlarida 10 foizlik chegirma asosida ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Yuqori natija ko‘rsatgan yoshlar esa bonus va turli imtiyozlar bilan rag‘batlantiriladi. Bu esa talabalarni doimiy o‘sish va yuqori natijalarga intilishga undaydi.
Bundan tashqari, hamkorlik doirasida seminarlar, treninglar, master-klasslar tashkil etish, ilmiy va innovatsion loyihalarni amaliyotga joriy qilish, zamonaviy ta’lim metodikalarini almashish ham rejalashtirilgan.
Mazkur kelishuv oliy ta’lim va amaliy sektor o‘rtasidagi uzviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, yoshlarning bandligini oshirish hamda ularni zamonaviy mehnat bozori talablariga mos ravishda tayyorlash yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.