Milliy qadriyatlar va zamonaviy ta’lim uyg‘unligi
Qoʻqon davlat universiteti Texnologik ta’lim va kutubxonashunoslik kafedrasi professor-o‘qituvchilari Farg‘ona viloyati Furqat tumanidagi “Furqat tumani milliy hunarmandchilikka ixtisoslashtirilgan maktab-internati”ga tashrif buyurdi. Mazkur ta’lim maskaniga O‘zbekiston Qahramoni ko‘krak nishoni sohibi, O‘zbekiston xalq ustasi, Turon fanlar akademiyasi akademigi Muhammadali Yunusov tomonidan asos solingan.
Tashrif davomida kafedra professor-o‘qituvchilari maktab-internat faoliyati, o‘quvchi-yoshlarga yaratilgan shart-sharoitlar, ta’lim va amaliy mashg‘ulot jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar. O‘quvchilar bilan ochiq muloqot va davra suhbati tashkil etilib, milliy hunarmandchilik an’analarini asrab-avaylash, yoshlarning kasb-hunar ko‘nikmalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv jarayonida tomonlar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish istiqbollari ham atroflicha ko‘rib chiqildi. Jumladan, talabalarning amaliyot o‘tashi, mahorat darslarini tashkil etish, qo‘shma ilmiy-uslubiy loyihalarni amalga oshirish hamda hunarmandchilik yo‘nalishida o‘quv-uslubiy ta’minotni boyitish yuzasidan takliflar bildirildi.
Shuningdek, kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan chop etilgan darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar va o‘quv-uslubiy adabiyotlar maktab-internat kutubxonasiga sovg‘a qilindi. Bu esa o‘quvchilarning nazariy bilimlarini mustahkamlashda muhim manba bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Tashrif davomida ustaning yog‘och o‘ymakorligi san’ati bilan ham yaqindan tanishildi. Mehmonlar ustaxona faoliyati, ijodiy jarayon va tayyorlanayotgan buyumlar bilan tanishib, milliy hunarmandchilikning nozik jihatlari hamda uni yosh avlodga o‘rgatish borasidagi sa’y-harakatlarni yuksak baholadilar.
Mazkur tashrif ta’lim va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish, milliy hunarmandchilik an’analarini ilmiy-uslubiy asosda rivojlantirish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.