Talabalarning yashash sharoiti doimiy e’tiborda
Talabalarning darsdan bo‘sh vaqti qanday o‘tmoqda? Ularning yashash sharoitlari talabga javob beradimi? Bu savollar oliy ta’lim muassasalari rahbariyati diqqat markazida turgan doimiy masalalardan biridir.
Bugun Qo‘qon davlat universiteti Pedagogika va psixologiya fakulteti dekani, professor Nigoraxon Erkaboyeva talabalar turar joyi hamda ijara xonadonlarida istiqomat qilayotgan talabalar holidan xabar oldi. Ushbu tashrif shunchaki o‘rganish emas, balki ustoz va shogird o‘rtasidagi samimiy muloqotga aylandi.
Professor N. Erkaboyeva dastlab Talabalar turar joyidagi sharoitlar bilan tanishdi. Xonalarning issiqligi, yoritish tizimi va talabalar uchun tashkil etilgan ma’naviyat xonalarining faoliyati ko‘zdan kechirildi. Dekan yoshlar bilan suhbatda dars tayyorlash uchun yaratilgan qulayliklar bo‘yicha ularning fikrlari bilan qiziqdi.
Tashrifning keyingi bosqichi ijara xonadonlarida yashayotgan talabalar xonadonlariga yo‘naltirildi. Professor har bir xonadonda bo‘lar ekan, isitish moslamalaridan foydalanishda texnika xavfsizligiga rioya etilishi, ovqatlanish, dam olish va mutolaa uchun yaratilgan sharoit, talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishi va xonadon egalari bilan munosabatlariga alohida e’tibor qaratdi.
"Biz uchun talabaning nafaqat auditoriyadagi bilim olishi, balki darsdan keyingi hayoti, salomatligi va xavfsizligi ham birdek muhim. Maqsadimiz — har bir yosh o‘zini xuddi uyidagidek his qilishiga ko‘maklashish," — deya ta’kidlaydi Nigoraxon Erkaboyeva.
Ochiq muloqot davomida talabalar o‘zlarini qiynayotgan masalalar va takliflarini bildirishdi. Ayrim yoshlarning yashash sharoitini yaxshilash bo‘yicha joyida mas’ullarga topshiriqlar berildi. Shuningdek, talabalarga moslashish davri va o‘zaro hamjihatlik bo‘yicha qimmatli tavsiyalarini ham berildi.